Navoiy shahrida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 4-6 fevral kunlari Navoiy shahridagi «Yoshlar markazi»da Navoiy viloyat hokimligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Navoiy davlat pedagogika instituti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamkorligida «Alisher Navoiy ijodiy merosining umumbashariyat ma'naviy-ma'rifiy taraqqiyotidagi o‘rni» mavzusida III xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ushbu xalqaro konferensiya Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan uch yildan buyon an'anaviy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda.
Bu yilgi konferensiyaga ishtirok etuvchi dunyoning yetuk navoiyshunos olimlari soni yanada kengaygani uning nufuzi yildan yilga oshib borayotganidan dalolat beradi. Buni bu yilgi konferensiyaga o‘nlab mamlakatlardan taniqli olimlar ishtirok etayotgani ham isbotlaydi.
5 fevral kuni erta tongda Vengeriya, Hindiston, Rossiya, Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Eron, Tojikiston va boshqa bir qator davlatlardan tashrif buyurgan navoiyshunos olimlar hamda respublikamizning barcha hududlaridan taklif etilgan taniqli akademiklar, professor olimlar, ijodkor ziyolilar, ma'naviyat sohasi fidoiylari, targ‘ibotchilar, faollar, nuroniylar, o‘quvchi-yoshlar dastlab viloyat markazidagi Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi istirohat bog‘ida qad rostlagan shoir haykali poyiga gulchambar qo‘yib, ulug‘ mutafakkirga alohida ehtirom ko‘rsatdilar.
Joriy yildan e'tiboran Navoiy viloyatida Respublikamizda ilk bor millatimiz faxri bo‘lmish ulug‘ shoirga cheksiz ehtirom ramzi sifatida Alisher Navoiy jamg‘armasi tashkil etildi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa, allomaning boy madaniy merosini yanada chuqurroq o‘rganish va keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib etish, Navoiyning durdona asarlarini kelgusi avlodlarga yetkazishga qaratilgan.
Nafaqat o‘zbek millati, balki barcha turkiy xalqlar, hatto jahon adabiyotining muazzam siymolaridan biri bo‘lgan shoir nomi bilan ataladigan shaharni jahon navoiyshunosligining ilmiy markaziga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, prezidentning alohida e'tibori bilan viloyatda Fanlar Akademiyasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat universiteti olimlarini jalb qilgan holda, alloma hokidan tuproq olib kelib, Navoiy shahrida ziyoratgoh tashkil etish bo‘yicha xayrli ishlar olib borilmoqda.
Navoiy shahridagi Alisher Navoiy haykali yonida uning muzeyini tashkil qilish va ulug‘ alloma dostonlari qahramonlari bog‘ini yaratish borasida ham ezgu sa'y-harakatlar boshlab yuborilgan.
Navoiy shahridagi «Yoshlar markazi»da boshlangan xalqaro konferensiya yalpi majlisini Navoiy viloyati hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi Q.Tursunov kirish so‘zi bilan ochib, buyuk mutafakkir hayoti va ijodi, bebaho merosi, alloma asarlarining insoniyat tamaddunidagi ahamiyati xususida so‘z yuritib, barchani qutlug‘ bayram bilan tabrikladi.
Xalqaro konferensiyada so‘zga chiqqanlar tomonidan hozirgi globallashuv davrida milliy o‘zlikni anglash, ajdodlarimiz yaratgan betakror ilmiy-ijodiy merosni chuqur o‘rganish, uni xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ongiga singdirish muhim ahamiyatga molik ekanligi ta'kidlandi.
Xalkaro konferensiya doirasida viloyatda yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan yosh navoiyshunoslar ko‘rik-tanlovi g‘olibi Karmana tumanidagi 28-umumiy o‘rta ta'lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Komila Hamroyevaga viloyat xokimi Q.Tursunov tomonidan Prezident sovg‘asi – «Spark» avtomobili topshirildi.
Kunning ikkinchi yarmida xalqaro konferensiya ishtirokchilari sho‘'balarga bo‘linib, konferensiya mavzusi doirasida taklif va mulohazalarini jamladilar.
Birinchi sho‘'ba yig‘ilishida «Navoiy ijodiyotining axloqiy-ma'naviy va irfoniy qatlamlari», ikkinchi sho‘'ba yig‘ilishida «Navoiy ijodining xorijda o‘rganilishi va targ‘ibi», uchinchi sho‘'ba yig‘ilishida «Navoiy va tilshunosligi masalalari» hamda to‘rtinchi sho‘'ba yig‘ilishida «Navoiy ijodi: tarix, falsafa, san'at», beshinchi sho‘'ba yig‘ilishida «Navoiy ijodiyotining o‘zbek xalq og‘zaki ijodi va zamonaviy adabiyot bilan munosabati» va oltinchi sho‘'ba yig‘ilishida «Ta'lim muassasalarida Navoiy ijodini o‘rganish va o‘rgatish muammolari» mavzulari navoiyshunos professor olimlar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqildi.
Xalqaro konferensiya yakunida ishtirokchilar uchun «Farhod» madaniyat saroyida san'atkorlar tomonidan konsert dasturi namoyish etildi. Navoiy g‘azallari asosida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar esa barchaga bir olam quvonch bag‘ishladi.
Navoiy viloyat hokimligi Axborot xizmati
Mavzuga oid
15:42 / 30.10.2024
Ma’lumotlar “kaft ustida” bo‘lsa, to‘g‘ri qaror chiqarish ehtimoli ortadi – Toshkentda ma’lumotlarni boshqarish mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi
12:29 / 03.10.2024
“Resurslar tugaydi, g‘oyalar esa yo‘q” – kreativ iqtisodiyot konferensiyasi davom etmoqda
17:34 / 04.09.2024
O‘ndan ortiq davlatning politsiya oliy o‘quv yurtlari rahbarlari Toshkentda yig‘ildi – foto
10:27 / 24.05.2024