Sport | 12:25 / 07.02.2019
23083
3 daqiqa o‘qiladi

2018 yil yakuniga ko‘ra jahonning eng boy klublari e'lon qilindi

Foto: Getty Images

Futbol olami sub'yektlarining moliyaviy imkoniyatlarini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi «Soccerex Football Finance Index 100» kompaniyasi 2018 yil yakunlariga ko‘ra jahonning eng boy yuzta klubi ro‘yxatini e'lon qildi.

Reytingni tuzishda asosan klubga tegishli futbolchilar, infrastruktura, bank hisob raqami, klub xo‘jayinining investitsion potensiali hamda qarzdorligiga oid moliyaviy raqamlar asos qilib olingan.

Ro‘yxatni «Manchester Siti» boshqarmoqda. «Shaharliklar» umumiy 1 milliard yevrodan oshiq qiymatdagi futbolchilarga, 471 mln yevroga baholangan infrastrukturaga, bank hisob raqamida 21 mln yevro mablag‘ga ega deb topilgan. Klub rahbarining 647 mln yevro investitsiya salohiyati borligi, klubning qarzi 80 mln yevroni tashkil etishi qayd etilgan.

Yuqori uchlikni «PSJ» va «Bavariya» klublari yakunlab beradi.

Dunyoning eng boy klublari top-20:
1. «Manchester Siti»
2. «PSJ»
3. «Bavariya»
4. «Tottenhem»
5. «Arsenal»
6. «Real Madrid»
7. «Barselona»
8. «Manchester Yunayted»
9. «Yuventus»
10. «Chelsi»
11. «Liverpul»
12. «Guanchjou Evergrand»
13. «Atletiko»
14. «Bayyer»
15. «Borussiya» Dortmund
16. «Leypsig»
17. «Lion»
18. «Los-Anjyeles Gelaksi»
19. «Lester»
20. «Valensiya»

Reytingga kiritilgan yuzta klub umumiy 22,8 mlrd yevro qiymatdagi futbolchilarga egalik qiladi. Bu klublarning infratuzilmasi va bank hisob raqamlaridagi mablag‘i jami 11,1 mlrd yevroga teng. Ularning sohiblari 928 mlrd miqdorida sarmoya kiritishga qurbi yetadi. Yuzta klubning jami qarzi 10 mlrd yevrodan oshadi.

Ro‘yxatdagi klublarga egalik qiluvchilarning 18 foizi AQSh fuqarolaridir. Amerikaliklar yuqori o‘ttizlikdagi 23 foiz klubning sohibi hisoblanishadi. Keyingi o‘rinda Xitoy qayd etilgan bo‘lib, xitoylik va amerikalik sarmoyadorlar birgalikda jahonning eng boy yuzta klubining uchdan bir qismiga egalik qiladi.

Shu bilan birga, eng badavlat 30ta klubdan 10tasi Angliyada joylashgan. Germaniya va Ispaniyaning to‘rttadan; Italiya, Fransiya va AQShning uchtadan klubi yuqori o‘ttizlikka kirgan. Xitoy («Guanchjou Evergrand»), Rossiya («Zenit») va Ukrainaning («Shaxtyor») bittadan klublari top-30dan joy olgan.

Mavzuga oid