O‘zbekiston | 14:24 / 07.02.2019
14334
9 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 22 noyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 13 dekabrda ma'qullangan.

Ushbu Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish, bajarish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish va ularni tugatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan prinsiplari va normalariga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, shuningdek ushbu Qonunga hamda xalqaro shartnomalarning o‘z qoidalariga muvofiq tuziladi, bajariladi, tugatiladi va ularning amal qilishi to‘xtatib turiladi. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umum e'tirof etilgan prinsiplari va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir.

Chet davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xalqaro shartnomalar tuzish huquqiga ega bo‘lgan boshqa sub'yektlar bilan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish va ularni tugatish masalalari bo‘yicha o‘zaro munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish huquqi davlatga tegishlidir. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari quyidagicha tuziladi:

O‘zbekiston Respublikasi nomidan – davlatlararo shartnomalar;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan – hukumatlararo shartnomalar;
davlat organlari nomidan o‘z vakolatlari doirasida – idoralararo shartnomalar.

O‘zbekiston Respublikasi nomidan xalqaro shartnoma tuzish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan kiritiladi. Boshqa davlat organlari o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi nomidan xalqaro shartnoma tuzish haqidagi taklifni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birga yoki u bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etadi. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tuzish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan kiritiladi. Boshqa davlat organlari o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tuzish to‘g‘risidagi taklifni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birga yoki u bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. O‘zbekiston Respublikasining idoralararo shartnomasini tuzish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organi tomonidan kiritiladi.

Muzokaralar olib borish va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolash to‘g‘risidagi qarorlar, agar O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida o‘zgacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa:

O‘zbekiston Respublikasi nomidan tuziladigan shartnomalarga nisbatan – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuziladigan shartnomalarga nisbatan – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan;
O‘zbekiston Respublikasining idoralararo shartnomalariga nisbatan – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, ushbu shartnomalar bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organlari rahbarlari tomonidan qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat rahbari sifatida xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘radi hamda xalqaro huquqqa va O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq vakolatlarini ko‘rsatish zaruratisiz muzokaralar olib boradi hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi, vakolatlarini ko‘rsatish zaruratisiz muzokaralar olib boradi va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan xalqaro shartnomalarni imzolaydi. 

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘z vazifalariga ko‘ra va xalqaro huquqqa muvofiq vakolatlarini ko‘rsatish zaruratisiz muzokaralar olib borishga hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolashga haqli. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik vakolatxonasi boshlig‘i yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilot yoki konferensiya qoshidagi vakolatxonasi boshlig‘i xalqaro shartnoma matnini qabul qilish maqsadida diplomatik vakolatxona joylashgan davlat bilan yoki mazkur xalqaro tashkilot, konferensiya doirasida vakolatlarini ko‘rsatish zaruratisiz muzokaralar olib borishga haqli. Davlat organining rahbari o‘z vakolati doirasida vakolatlarini ko‘rsatish zaruratisiz muzokaralar olib borishga va idoralararo shartnomalarni imzolashga haqli.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risida qonun qabul qilish orqali amalga oshiriladi. Quyidagi xalqaro shartnomalar ratifikatsiya qilinadi:

davlatlararo munosabatlarning asoslari haqidagi va o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi;
O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatiga daxldor masalalar bo‘yicha, tinchlik shartnomalari va kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnomalar;
O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan hududiy chegaralanishi to‘g‘risidagi;
O‘zbekiston Respublikasining davlatlararo ittifoqlardagi, xalqaro tashkilotlardagi va boshqa birlashmalardagi ishtiroki to‘g‘risidagi;
bajarilishi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari o‘zgartirilishini yoki yangi qonunlar qabul qilinishini talab etadigan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalarni belgilaydigan bo‘lsa.

Qaysi xalqaro shartnomalarni tuzish chog‘ida muzokaralarda ishtirok etuvchi tomonlar kelgusida ularni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida kelishib olgan bo‘lsa, o‘sha xalqaro shartnomalar xuddi shunday tarzda ratifikatsiya qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari boshqa xalqaro shartnomalarni ham ratifikatsiya qilishga haqli. Davlatning xorijdan mablag‘ jalb qilishi to‘g‘risidagi xalqaro shartnomalar, shuningdek xalqaro kafolat shartnomalari ratifikatsiya qilinmaydi va O‘zbekiston Respublikasi uchun ahdlashuvchi tomonlar belgilaydigan tartibda kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qaror:

ratifikatsiya qilinadigan shartnomalarga nisbatan – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan;
qaysi shartnomalar ratifikatsiya qilinmasa va ularga qo‘shilish O‘zbekiston Respublikasi nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan amalga oshirilsa, o‘sha shartnomalarga nisbatan – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan;
idoralararo shartnomalarga nisbatan – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tugatish to‘g‘risidagi qoidalar mavjud bo‘lmagan va uni denonsatsiya qilishni yoki undan chiqishni nazarda tutmaydigan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasi, agar:

xalqaro shartnoma ishtirokchilari denonsatsiya qilish yoki chiqish imkoniyatini qoldirish niyatida bo‘lganligi belgilanmagan bo‘lsa;
xalqaro shartnoma o‘z xususiyatiga ko‘ra uni denonsatsiya qilish yoki undan chiqish huquqini nazarda tutmasa, denonsatsiya qilinmaydi va undan chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi o‘zining O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasini denonsatsiya qilish yoki undan chiqish niyati haqida kamida o‘n ikki oy avval xabardor qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tugatish yoki undan chiqish:

xalqaro shartnomaning qoidalariga muvofiq;
boshqa ahdlashuvchi tomonlar bilan maslahatlashuvlarga ko‘ra barcha ishtirokchilarning roziligi bilan istalgan vaqtda amalga oshirilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid