«Sirli avangard»: O‘zbekiston san'at muzeyi 100 yoshda
O‘zbekiston Davlat san'at muzeyi tashkil etilganligining 100 yilligiga bag‘ishlab, «Sirli avangard» ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Davlat va san'at arboblari ishtirokida bo‘lib o‘tgan ko‘rgazma ochilishida avangard yo‘nalishida yaratilgan eksponatlar namoyish etildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
O‘zbekiston Davlat san'at muzeyi O‘rta Osiyodagi eng yirik muzeylardan bo‘lib, 1918 yilda tashkil etilganda badiiy yo‘nalishdagi yagona muzey hisoblangan. Uning ekspozitsiyasiga poydevor bo‘lib knyaz Nikolay Romanovning shaxsiy kolleksiyasi xizmat qilgan. Inqilobdan so‘ng u milliylashtiriladi va Xalq dorilfununi muzeyi deb nomlanadi. Hozirgi nomiga u 1935 yilda, binosiga esa 1974 yilda ega bo‘ldi.
Muzey dastlab tashkil etilganida umumiy fondi 500ta haykaltaroshlik, tasviriy san'at, qo‘l hunarmandchiligi buyumlaridan iborat bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 100.000dan ortiq noyob ashyo va tarixiy eksponatlarni o‘zida saqlaydi.
Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Akilova bergan axborotga ko‘ra, joriy yilda muzeyni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
«San'atni rivojlantirish borasida oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri muzeylar faoliyatiga nisbatan yosh avlodda ham qiziqish uyg‘ota olish hisoblanadi», — deydi u.
Fanlar Akademiyasi akademigi Edvard Redveladze muzeyning o‘zbek madaniy hayotida tutgan o‘rni haqida gapirar ekan, muzey eksponatlari haqidagi ma'lumotlarni saqlovchi kitobning birinchi tomini taqdim etdi.
Ijodkor xayolotining jozibador chizgilari va o‘zbek xalqining turmush tarzini o‘zida aks ettirgan suratlar ko‘rgazmasi keng aholi uchun ochiq.
Mavzuga oid
18:29 / 12.11.2024
Italiyada 2 mingdan ziyod soxta san’at asarlari musodara qilindi
16:05 / 17.10.2024
Misrda dunyodagi eng qimmat muzey ochildi. Uni qurishga qariyb 20 yil vaqt ketdi
20:41 / 08.10.2024
Niderlandiyada muzey xodimi metall bankalar ko‘rinishidagi art-obektni tashlab yubordi
00:11 / 18.08.2024