Jahon | 22:00 / 14.02.2019
6631
3 daqiqa o‘qiladi

NASA Opportunity marsoxodi bilan batamom “xayrlashdi”

Foto: Reuters / NASA

NASA mutaxassislari Opportunity marsoxodini “jonlantirish” bo‘yicha urinishlarini to‘xtatishdi. U bilan oxirgi aloqa 2018 yil 10 iyunda bo‘lib o‘tgandi. Qurilmaning missiyasi rasman tugatildi. Marsoxod Qizil sayyora sirti bo‘ylab 45 km bosib o‘tgan.

90 kun xizmat qilishi kerak bo‘lgan qurilma bu muddatdan 60 karra ko‘proq ishlab, Mars sirti bo‘ylab belgilangan ming metr o‘rniga 45 km yo‘l bosib o‘tgan.

Marsoxod Marsda kuchli chang bo‘roni vaqtida Yer bilan aloqaga chiqmay qo‘ygan. Shundan keyin qurilma bilan aloqa o‘rnatishga urinishlar besamar ketgan. 

Oppotunity qurilmasi Mars Exploration Rover loyihasi doirasida uchirilgan ikkinchi marsoxod bo‘lgan. U Qizil sayyora sirtiga loyihaning ilk qurilmasi Spirit  tushirilgandan 3 hafta o‘tib, 2004 yil 25 yanvarda tushirilgan.

Opportunity faoliyati davomida sayyoramizga 217 ming surat yuborgan. Uning asosiy yutuqlari suvda hosil bo‘luvchi minerallarni aniqlagani va o‘tmishda sayyorada suv bo‘lganining boshqa isbotlarini topgani bo‘lgan.

2005 yilda qurilmaning old g‘ildiraklaridan birida rul boshqaruvi buzilib qolgan. 2 yildan keyin esa 2 oy davom etgan chang bo‘roni marsoxodning keyingi faoliyatini xavf ostiga qo‘ygan. 2015 yilda qurilma 256 megabaytli fleshkasini yo‘qotib qo‘ygan, 2017 yilda esa boshqa g‘ildiragidagi rul boshqaruvi ishdan chiqqan.

“Marsoxod biror muammoga duch kelganda Opportunity’ning Yerdagi jamoasi qurilmaning tadqiqotlarni davom ettirishiga imkon bergan yechimni topib, uni amalga oshirgan. Biroq 2018 yil yozida Marsda shakllangan katta ko‘lamli chang bo‘roni Marsning tarixdagi eng keksa tadqiqotchisi uchun juda kattalik qildi”, deyilgan NASA bayonotida.

2012 yil 6 avgustda Marsga 3-avloddagi Curiosity qurilmasi tushirilgan, u hanuzgacha sayyorada tadqiqot olib bormoqda. 

Mavzuga oid