Jamiyat | 22:17 / 14.02.2019
13786
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda «Navoiy vorislari» aniqlandi

Foto: Navoiy viloyati hokimligi

Navoiy viloyatida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashabbusi bilan an'anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Navoiy vorislari” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Navoiy viloyati hokimligi Axborot xizmati xabar beradi.

Ko‘rik-tanlov O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamkorligida tashkil etildi.

Tanlovning mamlakat bosqichida viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lgan umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar eng ko‘p g‘azal yod olish, g‘azalni bexato va ifodali o‘qish, g‘azal matnining nasriy bayonini yarata olish, undagi so‘zlar mazmun-mohiyatini izohlab berish kabi shartlar bo‘yicha o‘zaro bahs olib borishdi.

Tanlovda birinchi o‘rinni Toshkent viloyati vakili Shukrullo Zikriyayev qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa Navoiy viloyati vakili Lobar Davronova, uchinchi o‘ringa esa sirdaryolik Xurshida Akbarqulova sazovor bo‘ldi. 

G‘olib va ishtirokchilarga O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi va Navoiy viloyati hokimligining diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bu yil ushbu tanlovning dastlabki bosqichlarida 14 ming nafarga yaqin o‘quvchilar ishtirok etib, iqtidorli yoshlar kashf etildi. 

Mavzuga oid