Jamiyat | 10:17 / 17.02.2019
8414
4 daqiqa o‘qiladi

Urgutda «Koreyaga ishlashga jo‘nataman» deb to‘rt kishidan aldab pul olgan firibgarga jazo tayinlandi

Urgut tumanida istiqomat qilib kelayotgan O.Q. ilgari ham firibgarlik jinoyati bo‘yicha ishi sudda ko‘rib chiqilgan, tumandagi fermer xo‘jaligi raisi lavozimi ishlab kelmoqda.

U tumanning «Qayroqli» mahallasida yashovchi H.M.ning ishonchiga kirib, Janubiy Koreyaga kirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni oson yo‘llar bilan to‘g‘rilab, u yerga ishga yuborishni va'da qilib, undan 2014 yil avgust oylarida Urgut shahrida joylashgan «Ispanza» choyxonasi oldida 1000 AQSh dollari va 2016 yilni sentabr oylarida o‘z yashash uyi oldida yana 1000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘zining ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.

O.Q. qayroqlilik X.D.dan ham «Janubiy Koreyaga jo‘nataman», deb ikki marta 1000 AQSh dollari va yana 400 ming so‘m pul oladi.

Qayroqlilik M.D. ham «Janubiy Koreyaga jo‘nata olar ekan», deb avval 1500 dollar, keyin yana 600 dollar va 600 ming so‘mni unga qanday ishonib topshirganini bilmay qoladi.

Uning eng birinchi «qarmog‘i»ga ilinganlardan yana biri — «Kamardon» mahallasida yashovchi A.E. o‘g‘li J.M.ni Koreyaga ishlashga jo‘natish uchun 1500 AQSh dollari va 300 ming so‘mni O.Q.ga bergan. O.Q. esa pullarni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan.

O.Q. va'dasining ustidan chiqa olmagach, unga pul bergan fuqarolarni turli bahonalar bilan aldab, pullarni qaytarmay yurgach, ular huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga majbur bo‘lishgan.

Sudlanuvchi O.Q. Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudyasi A.Ahmadov raisligida o‘tgan sayyor sud tergovida aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi, uning aybi sud majlisida so‘ralgan jabrlanuvchilar va guvohlarning ko‘rsatuvi bilan o‘z isbotini topdi.

Sud hukmiga ko‘ra, garov evaziga ochiqlikda yurgan O.Q. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan aybli deb topildi.

Uning ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, 1 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Zararni qoplash uchun topshirilgan va sudlar faoliyatini ta'minlash departamenti Samarqand viloyat hududiy bo‘limining depozit hisobida saqlanayotgan 22 mln 550 ming so‘m pullardan 6 mln so‘mi so‘mi jabrlanuvchi X.M.ga, 6,5 mln so‘mi so‘mi jabrlanuvchi X.D.ga , 6 mln 50 ming so‘mi jabrlanuvchi M.D.ga, 4 mln so‘mi jabrlanuvchi A.E. tegishli tartibda topshiriladigan bo‘ldi.

Mavzuga oid