O‘zbekiston | 20:08 / 18.02.2019
9129
3 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar yirik miqdordagi sifati kafolatlanmagan mahsulotlarni fosh etishdi

“Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti hamda Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari “Ufa-Toshkent” yo‘nalishida kirib kelgan xalqaro poyezd yo‘lovchilaridan biriga tegishli bo‘lgan umumiy qiymati 64,1 million so‘mni tashkil qiluvchi 140 turdagi 985 dona parfyumeriya mollari, 121 dona ayollar gigiyenik vositalari, shuningdek, quruq choy, konfet va bolalar ozuqalarini tijorat maqsadida deklaratsiyalamagan holda olib o‘tishga uringan vaqtida to‘xtatib qolishdi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Yana bir holatda, “Novosibirsk-Toshkent” xalqaro yo‘lovchi poyezdining yo‘lovchilaridan biri 5 turdagi 460 dona jarrohlik operatsiyalarida ishlatiladigan tibbiyot vositalari, 5521 dona biologik faol qo‘shimchalar, parfyumeriya va kosmetika vositalari, suvenirlar hamda maishiy texnika buyumlarini bojxona nazoratidan yashirib olib kelayotganligi ma'lum bo‘ldi. Aniqlangan tovarlarning umumiy qiymati 1,9 milliard so‘mni tashkil etdi.

“Moskva-Andijon” xalqaro yo‘lovchi poyezdining yo‘lovchilari S.X. va A.Q. esa umumiy qiymati 72,6 million so‘mlik 19 ming 200 dona mobil telefoni uchun sim kartalar, 10 dona ratsiyalar va boshqa tovarlarni vagonning ko‘z ilg‘amas joylariga yashirgan holda olib o‘tishga bo‘lgan urinishi aniqlandi.

“Bosh pochtampt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tomonidan ham bojxona qonunlari buzilishi holati o‘z vaqtida aniqlandi. Ya'ni xorijdan fuqarolar M.A., D.T., M.Sh., M.D. nomiga keltirilgan pochta jo‘natmalari bojxona nazoratidan o‘tkazilganda “CN23” shakldagi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan umumiy qiymati salkam 250 million so‘mlik 1518 dona turli xil stomatologik uskunalar borligi ma'lum bo‘ldi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvi harakatlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid