Jahon | 01:30 / 18.02.2019
15876
2 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili haqiqiy gruzinligini isbotlashga qaror qildi  

Foto: Facebook/Mikheil Saakashvili

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili Facebook’dagi sahifasida o‘zi o‘tgan genetik sinov natijalarini e'lon qildi.

Foto: Facebook/Mikheil Saakashvili

Saakashvilining aytishicha, unda “bir tomchi ham gruzincha bo‘lmagan qon mavjud emas”.

“Meni qiziquvchanligim tutib, Amerikada ommalashgan genetik sinovdan o‘tishga qaror qildim. Aniqlanishicha, men deyarli 99 foizga gruzin va 1 foizga grek ekanman”, deb yozgan siyosatchi.

U natijalar aniq ekanligiga ishonchi komilligini qo‘shimcha qilgan.

“Aniqlanishicha, mening ajdodlarim ko‘plab asrlar davomida gruzinlardan boshqa millatlar bilan chatishmagan ekan va men yevropalik ayol bilan nikoh qurib, bu an'anani birinchi bo‘lib buzdim”, deb qo‘shimcha qilgan sobiq prezident.

U barcha qo‘shnilarini hurmat qilishini va Gruziyaning har qanday millatdagi vatanparvarlarini yaxshi ko‘rishini aytgan.

E'tiborli jihati, siyosatchi o‘tgan sinovda uning 175 millatga mansubligi tekshirilgan. Jumladan, natijalar orasida uning o‘zbek millatiga mansubligi aniqlanmaganini ko‘rish mumkin.

Siyosatchi uni boshqa millatga mansub deb hisoblaydiganlar va genetik fanning aniqligiga shubha qiladiganlarga ushbu sinovdan o‘tishni taklif qilgan. Saakashvili prezident bo‘lganda OAVda uning arman, yahudiy va ozarboyjon millatiga mansubligi haqida taxminlar bildirilgan.

Mavzuga oid