Sport | 13:56 / 19.02.2019
19707
10 daqiqa o‘qiladi

Saloh yoki Levandovski? Ronaldu yoki Grizmann? YeChL o‘yinlari anonsi

Seshanba va chorshanba oqshomida Chempionlar ligasining nimchorak finali doirasida yana 8 jamoa ishtirokida 4ta o‘yin o‘tkaziladi.

«Lion» – «Barselona»
19 fevral. Lion. «»Lyumer» stadioni. 23.00 (Toshkent vaqti bilan soat 01:00).
«Liverpul» – «Bavariya»
19 fevral. Liverpul. «Enfild». 23.00 (Toshkent vaqti bilan soat 01:00).

Robben va «eng yomon stadion»
Liverpulga qarshi safar o‘yini oldidan «Bavariya» futbolchilari vaqtichog‘lik qilishdi: Levandovski, Noyyer, Myuller va Hummels jamoa mashg‘ulot bazasida The Beatles guruhining Abbey Road nomli mashhur albomi muqovasidagi kabi tushgan surati e'lon qilindi. Shu tariqa, myunxenliklar afsonaviy musiqiy guruh mansub bo‘lgan Liverpul shahriga safar o‘yinidan reklama uchun ham foydalanib qolishdi.

Bu o‘yin ko‘pchilik uchun alohida ahamiyatga ega. Alisson Noyyer bilan uchrashishidan baxtiyor bo‘lishini aytmoqda. Yurgen Klopp uchun esa «Bavariya» eski qadrdon, u Dortmundda bu jamoaga qarshi o‘yinlarda chempionlik uchun kurashgandi. Robben esa «Enfild»ni o‘zi bilgan eng yomon stadion deb ta'rifladi. Niderlandiyalik futbolchi 2005 va 2007 yillarda «Chelsi» bilan YeChL yarimfinallarida «Liverpul»ga yutqazganini esladi.

Bugungi o‘yinda Robben jamoasi turnirni tark etmasligi aniq, javob o‘yini ikki haftadan keyin Myunxenda bo‘lib o‘tadi. Ammo diskvalifikatsiya qilingan Myullersiz «Bavariya»ga qiyin bo‘lishi aniq. O‘z navbatida «Liverpul»da ham jiddiy yo‘qotishlar bor: Lovren jarohat tufayli, van Deyk ogohlantirishlar soni ortib ketgani tufayli jamoaga yordam bera olmaydi, virus yuqtirib olgan Roberto Firmino ham maydonga tusha olmasligi aniq.

«Klopp mening faoliyatimda katta ahamiyatga ega inson. Men u bilan Dortmunddagi yutuqlarimiz uchun minnatdorman. Buyuk murabbiy hamda ajoyib shaxs. U menda to‘purarlik instinktini uyg‘otgan. Men o‘zimda ko‘rolmagan jihatlarni ko‘ra olgan», deydi o‘yindan oldin Robert Levandovski sobiq ustozi haqida.

«Barsa»ni qirpichoq kutmoqda

Kataloniyaliklarda taqvim tig‘iz: bugun ular «Lion» mehmoni bo‘lishadi, shanba kuni chempionat doirasida «Sevilya»ga qarshi safar uchrashuvi o‘tkazishadi, keyingi haftada esa ikki marta «Santyago Bernabeu»da mehmon bo‘lishadi (avvaliga Ispaniya Kubogidagi, keyin esa chempionatdagi klassiko). Kataloniyaliklarni safardagi 4ta qiyin o‘yin kutmoqda.

Ernesto Valverdening baxtiga bugungi o‘yinga «Lion»ning sobiq futbolchisi Samuel Umtiti tayyor bo‘lgan. Fransiyalik himoyachi tizzasidagi jarohat tufayli o‘tgan yilning sentyabridan buyon maydonga tusha olmayotgandi. U o‘tgan yil noyabrida safga qaytgan, ammo bir o‘yin o‘tkazib jarohatini yangilab olgandi.

Murabbiy Umtitini darhol asosiy tarkibda tushirmasligi mumkin, lekin uning zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishi ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Kataloniyaliklarning Fransiyaga oxirgi tashrifi halokatli ko‘rinish olgandi - ikki yil muqaddam ko‘k-anorranglilar «PSJ» tomonidan tor-mor etilgandi (4:0). To‘g‘ri, o‘shanda «Kamp Nou»da kechgan javob uchrashuvida mezbonlar kerakli natijaga erishib (6:1), YeChLning keyingi bosqichiga yo‘l olishgandi. «Lion» shu vaqtgacha «Barselona»ni mag‘lub eta olmagan, lekin bu jamoa ikki hafta oldin «PSJ»ning ichki chempionatdagi mavsum boshida boshlangan mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘ygandi (2:1).

Krishtianu Madridga qaytmoqda

Shu kunlarda yangiliklar lentasiga Ibrahimovich nomi qaytdi. Shvetsiyalik futbolchi Amerikada futbolsiz zerikmoqda (AQShda mavsum mart oyida boshlanadi). U Ronalduning yozdagi transferi to‘g‘risida fikr bildirdi: «Dunyoning eng yaxshi klublaridan biriga o‘tish - men uchun chaqiriq emas. Men uchun chaqiriq - bu bir jamoaga o‘tib, unda ko‘p narsaga erishishdir».

Hozircha Krishtianu «Yuventus» bilan faqat bir sovrin - Italiya Superkubogini qo‘lga kiritdi. Lekin bu uning mavsumdagi yagona sovrini bo‘lib qolmasligi aniq. Ronaldu «Real»siz ham YeChLda g‘alabalarga erishmoqda-yu, ammo Madrid uni qo‘yib yubormaydi - final aynan Ispaniya poytaxtida bo‘lib o‘tadi va «Yuve» aynan shu yerda turnir pley-offini boshlaydi.

«Atletiko»da o‘ziga xos motivatsiyalar bor. Final aynan o‘z stadionida o‘tadigan jamoa finalgacha yetib bormoqchi. Jamoa o‘tgan mavsumda Yevropa Ligasida g‘olib chiqqan, UYeFA Superkubogini ham qo‘lga kiritgandi. Grizmann ayni vaqtda yuqori sport formasida: u oxirgi 10 o‘yinida 11 gol urgan. Ronaldu esa oxirgi 11 o‘yinida 10ta golga mualliflik qilgan.

Gvardiola «Siti»ni baxtiyor qilmoqchi

«Shalke» va «Manchester Siti» juftligi YeChL nimchorak finalidagi uchinchi ingliz-nemis qarama-qarshiligidir. Angliyaning amaldagi chempioni va joriy mavsumdagi peshqadam Bundesligada 14-pog‘onada borayotgan jamoaga qarshi va bu juftlikda alohida intriga topish qiyin. Ayniqsa Angliyaning yana bir vakili «Tottenhem» nimchorak finalning birinchi uchrashuvida Germaniya chempionati peshqadami «Borussiya»ni yakson etgan bir vaqtda bu juftlikda ham barchasi oldindan ma'lum deyish mumkin.

«Shalke» o‘z vaqtida grand jamoalarga jiddiy qarshilik ko‘rsatgan, ammo bu mavsumda emas. Nemislarni ichki chempionatda «xavfli hudud»dan atigi ikki o‘rin ajratib turibdi, jamoa YeChL pley-offiga nisbatan oson guruhdan chiqqan: «Lokomotiv» va «Galatasaroy»dan oldinda, «Portu»dan ortda qolib.

«Shaharliklar» esa ko‘tarilish davrida: jamoa oxirgi o‘yinlarda, chempionatda «Chelsi»ga 6ta, Kubok bahsida «Nyuport»ga 4ta gol urdi.

«Biz barchasini yuta olishimiz mumkin. «Manchester Siti» tarixga kirishini istayman», deya o‘yindan avval «muskullarini namoyish etdi» Aguero. U bunga to‘la haqli.

Raqamlar
Diskvalifikatsiya tufayli Tomas Myuller («Bavariya») nimchorak finalning ikki o‘yinini, Virjiyl van Deyk («Liverpul») va Nabil Fekir («Lion») bittadan o‘yinni o‘tkazib yuboradi.

«Liverpul» «Bavariya» bilan 5 marta o‘ynagan. Hozircha kuchlar teng: +1=3-1 (5-6). «Lion» «Barselona» bilan 6 marta o‘ynagan, biror marta g‘alaba qozonmagan: +0=2-4 (7-16).

Liverpuldagi o‘yinda ishlash uchun 6 nafar italyan hakam yo‘l olgan. Bu jamoani Janluka Rokki boshqarmoqda. Junayt Chaqir boshchiligidagi 4 hakamdan iborat brigada esa Liondagi o‘yinda ishlaydi, ularga golland videoassistentlar Danni Makkeli va Yoxem Kampxays yordam beradi.

«Barselona» va «Bavariya» YeChLning 1/8 finalida 15 martadan ishtirok etgan, bu boradagi eng yaxshi ko‘rsatkich «Real»ga tegishli – 16 marta.

1/8 final o‘yinlarida eng ko‘p gol urgan futbolchi Lionel Messi, u «Barselona» raqiblari darvozasini 24 marta ishg‘ol etgan.

Bu o‘yin Messi uchun Chempionlar ligasi 1/8 finalidagi 26-o‘yindir. Bu borada undan faqat Krishtianu Ronaldu («Manchester Yunayted», «Real») oldinda – 28.

1/8 final. Birinchi o‘yinlar

12 fevral, seshanba

«Roma» – «Portu» 2:1

«Manchester Yunayted» – «PSJ» 0:2

13 fevral, chorshanba

«Tottenhem» – «Borussiya» D 3:0

«Ayaks» – «Real» 1:2

19 fevral, seshanba

«Lion» – «Barselona»

«Liverpul» – «Bavariya»

20 fevral, chorshanba

«Atletiko» – «Yuventus»

«Shalke» – «Manchester Siti»

Javob o‘yinlari

5 mart, seshanba

«Borussiya» D – «Tottenhem»

«Real» – «Ayaks»

6 mart, chorshanba

«PSJ» – «Manchester Yunayted» 

«Portu» – «Roma»

12 mart, seshanba

«Yuventus» – «Atletiko»

«Manchester Siti» – «Shalke»

13 mart, chorshanba

«Barselona» – «Lion»

«Bavariya» – «Liverpul»

Mavzuga oid