Joriy yil avvalida Kun.uz saytida Toshkent shahrida qadimiy xazina topilgani haqida xabar qilingandi. XIX asrda qurilgan imoratlardan birining yashirin yerto‘lasida qidiruv ishlari davomida topilgan xazina 80 yillar muqaddam yo‘qolgani, uning hozirgi qiymati 1 million dollardan ortiqligi aytilgandi.
Shundan so‘ng bu mavzu boshqa o‘nlab saytlarda ham yoritildi va ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kimdir xazinaning qiymati haqida aytsa, kimdir topilgan joyiga qiziqdi. Bunday topilmalar mavjudligiga ishonchsizlik bilan qaraganlar ham bo‘ldi.
Kun.uz bu masalani yanada oydinlashtirish maqsadida O‘zbekiston milliy universiteti tarix muzeyida bo‘ldi. Sayt muxbiri muzey ilmiy xodimi Muhammadbobur Yusupov bilan suhbatlashdi.
− Men 3 yildirki, shu universitetda ish olib boraman. Arxiv, foto va video materiallarni to‘plab bordim. Yoshi ulug‘ olimlardan juda ko‘plab bilimlar oldim.
Ma'lumki, o‘tgan asrning 30-yillarida universitetimizda juda og‘ir kunlar bo‘lgan. Ziyolilar qatag‘on qilingan va bu 50-yillargacha davom etgan. Mana shu davrda universitet xodimlari juda katta xazina to‘plashgandi. Bular 1920 yilda Toshkentga kelgan afsonaviy poyezd, Turkiston sharqshunoslik instituti, Turkiston o‘qituvchilar seminariyasi, knyaz Romanov saroyi ashyolari va general Jo‘rabekning uy muzeyidan yo‘qolgan juda noyob kolleksiyalardir. Ustozlarimiz bu nodir buyumlarni oxirgi marta 1949 yilda ko‘rishgan.
O‘sha davrda bunday buyumlar mavjudligini aytish o‘lim bilan barobar bo‘lgan. Odatda bunday sirni bilganlar yoki o‘limga mahkum qilingan, yoki surgun qilingan. Xazina yo‘qolganini ko‘pchilik bilardi. Lekin shu vaqtga qadar hech kim ularni topolmay kelayotgandi. Biz ustozlarimizdan taxminiy joy haqida ma'lumot olib, qidirish ishlarini boshladik.
Izlanishlarimiz natijasida ikkita seyf topildi. Aslida 1958 yilda uchta seyf bo‘lgan. Bu seyflar 1857 yilda Moskvada ishlangan bo‘lib, 10 donadan ortiq oltin quyma g‘isht, rus podshohlarining qiymati 6 ming rubl miqdoridagi oltin tangalari, hamda 5 kilogrammdan ortiq sof platina va sof kumushdan ishlangan idishlar saqlangan. Bundan tashqari, bu binoda Turkiston sharqshunoslik institutining o‘ta noyob buyumlari ham to‘plangan.














