O‘zbekiston | 23:55 / 22.02.2019
7255
5 daqiqa o‘qiladi

Boqimandalik va eskicha fikrlashni barataraf etish - XPKning Mirzacho‘ldagi sessiyasida asosiy mavzu bo‘ldi

Foto: Xalqaro press klub

«Jizzax: 2019 yilning ustivor vazifalari, yangi qiyofa, bunyodkorlik va ma'suliyat» — Mirzacho‘l tumanidagi Gagarin shahrida o‘tkazilgan navbatdagi Xalqaro press-klub sessiyasi ana shunday nomlandi.

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi bir qator vazirliklar vakillari, Jizzax viloyati shahar va tuman hokimlari, boshqarma va tashkilot rahbarlari, shahar va tuman sektorlari rahbarlari, faollar, deputatlar, tadbirkor va fermerlar ishtirokida tashkil etildi.

Xalqaro Press-klubning Mirzacho‘l tumanida o‘tgan sayyor sessiyasi.
Foto: Xalqaro press klub

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga, xususan Mirzacho‘l tumaniga tashrifidan kelib chiqadigan vazifalar ijrosi hamda viloyatdagi barcha tumanlar markazini Gagarin shahri kabi obod qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan navbatdagi sessiyasida so‘zga chiqqanlar tuman markazida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, shuningdek, yil so‘ngiga qadar har bir tumanda qurilib foydalanishga topshirilishi kerak bo‘lgan obektlar, ularni moliyalashtirish, ishchi o‘rinlari yaratilishi, «Obod qishloq» dasturiga kirgan obe'ktlar, ko‘p qavatli uy joylarni kreditlash masalalari xususida to‘xtalishdi.

Sessiyada ishtirok etgan O‘zbekiston qahramoni Anorboy Eshmatov odamlardagi bugungi kayfiyat, yaxshi yashashga bo‘lgan ishtiyoq Jizzaxning kechasi va buguni haqida gapirar ekan, bugun juda ko‘pchilikni qiynayotgan muammolardan biri boqimandalik kayfiyatidan qutilish masalalariga ham to‘xtaldi. Bugun Jizzax viloyatida deyarli har bir xonadon o‘z tomorqasiga ega, xo‘sh aholi o‘ziga tegishli shaxsiy tomorqadan unumli foydalanyaptimi? Mahalla faollari, tuman va shahar xotin qizlar qo‘mitalari vakillari bu borada qanday ishlarni amalga oshirishayapti? Ana shunday savollarga javob izlandi.

O‘zbekiston qahramoni Anorboy Eshmatov
Foto: Xalqaro press klub

Jizzax viloyati hokim o‘rinbosari Nazira Muxtorova aynan shu mavzuga to‘xtalib o‘tar ekan, ayollar bandligi, ularning turmush sharoiti, kasb-hunar egallashga bo‘lgan ishtiyoqi bugun Mirzacho‘l tumanida qo‘llanilgan ishlar barcha tumanlarda tajriba sifatida qo‘llanayotganligini ta'kidlab o‘tdi.

Jizzax viloyati hokim o‘rinbosari Nazira Muxtorova
Foto: Xalqaro press klub

Paxtakor tumani hokimi Shukrullo Boboyevning shahardagi sharoit va imkoniyatlarni qishloqlarga keng yoyish haqida gapirdi. Uning urbanizatsiyalash haqidagi fikrlari esa barchani ko‘nglidagi gap bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Xalqaro Press-klubning Mirzacho‘l tumanida o‘tgan sayyor sessiyasi.
Foto: Xalqaro press klub

«Biz oldimizga qo‘yilgan vazifalarni bajarish va halqning muammosini hal qilib berish maqsadida ishlayapmiz. Biz bugun ko‘proq ishlashimiz va barchani o‘zimizga ishontirishimiz kerak, Chunki, xohlaymizmi-yo‘qmi, joylarda chiroyli tadbirlarni o‘tkazganimiz bilan muammolar hal bo‘lib qolayotgani yo‘q. Aslida, biz — hokimlardan talab qilinayotgani ham shu: masalan, Zafarobod tumanida hali ham bozor yo‘q. Odamlar Paxtakor tumaniga borib bozor qilib keladi. Tumanda banklar, loyihalarni moliyalashtirish masalalarida hali hamon oqsoqliklar mavjud. Bularning oldini olish uchun esa eskicha fikrlashni yo‘qotish kerak», — dedi Zafarobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboyev.

Mirzacho‘l tumani hokimi Komil Xolmurodov
Foto: Xalqaro press klub

Qizg‘in bahs va munozaraga boy bo‘lgan Xalqaro press klub sessiyasi davomida yana bir qator muhim masalalrga e'tibor qaratildi. Xususan, Jizzax viloyatidagi 12 ta tuman markazi uchun tasdiqlangan bosh reja asosida quriladigan inshootlar, xususan, istirohat bog‘lari, hammom, bozorlar va zarur binolar, turizm sohasini yanda rivojlantirish, barcha tumanlarda mehmonxonalarni barpo etish xususida ham so‘z bordi. Qayd etish joizki, bu kabi bunyodkorlik ishlari uchun har bir tumanga 5 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mgacha mablag‘lar ajratilmoqda.

Gulchehra Sharipova,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid