Jahon | 23:30 / 22.02.2019
12217
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyalik sobiq harbiy IShIDga qarshi jang qilgani uchun jarimaga tortildi

Foto: IsrafilElRafa/Twitter

Shveytsariya harbiy tribunali mamlakat qurolli kuchlarining sobiq serjanti Joan Kozarni Suriyadagi jangovar harakatlardagi ishtiroki uchun 45 ming franklik (39,6 ming yevro) jarimaga tortdi. Harbiy Suriyada aholini IShIDdan himoya qilgan nasroniy militsiyasida xizmat qilgan. Bu haqda Tribune de Geneve nashri ma'lum qildi. 

Kozarga 90 kunlik jarima kunlari tayinlangan. U shunday kunlarning har biri uchun 500 frankdan jarima to‘lashi kerak. Jarimaning umumiy qiymati 45 ming shveysar frankini tashkil qilib, sobiq harbiy bu summani hukm kuchga kirgandan keyin 3 yil ichida to‘lab berishi lozim.

RTS mahalliy nashrining ta'kidlashicha, gap 2013 yildan 2015 yilgacha Suriyada Shveytsariya hukumati ruxsatisiz xizmat qilgan 37 yoshli Joan Kozar haqida ketmoqda. Sudning ta'kidlashicha, Kozar Suriyada mahalliy nasroniylarni IShID jangarilari ta'qibidan himoya qilgan Suriya harbiy kengashi faoliyatida ishtirok etgan.

Harbiy prokuror Roberto Kolombi o‘zining ayblov hukmida Shveytsariya fuqarolarining xorijiy qurollangan guruh faoliyatida ishtirok etishi mamlakat daxlsizligi va uning mudofaa imkoniyatlariga putur yetkazishini ta'kidlab o‘tgan. Prokurorning ta'kidlashicha, xorijiy armiyaga ko‘ngilli tarzda qo‘shilish mahalliy jinoyat kodeksi tomonidan taqiqlangan.

Kozar Suriyaga borish qarorini u yerdagi nasroniy aholini o‘z holiga tashlab qo‘yish qo‘rqoqlik bo‘lishi bilan tushuntirgan.

Mavzuga oid