Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oliy malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.
Nizomga ko‘ra, doktorantlarni idora ichida va idoralararo maqsadli tayyorlash uchun doktorant, buyurtmachi va qabul qiluvchi tashkilotlar o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi.
Maqsadli doktoranturaga tavsiya qilinadigan nomzodlar buyurtmachi tashkilot tomonidan shakllantiriladi. Kirish imtihonlari qabul qiluvchi OTM yoki ITMda o‘tkaziladi.
Maqsadli doktoranturaga qabul qilingan shaxslarga tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul qilingan izlanuvchilar kabi qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda stipendiya to‘lanadi xamda ta'til beriladi.
Davlatlararo maqsadli doktorantura xalqaro shartnomalar va boshqa me'yoriy hujjatlarga asosan tartibga solinadi.
Maqsadli doktorantura bo‘yicha hisobot olib borish maqsadli doktoranturani amalga oshirayotgan tashkilot zimmasiga yuklatiladi.
Maqsadli doktoranturaga kirgan mutaxassislar doktorantura davrida dissertatsiya ishini himoya qilishi va ularni o‘qishga yuborgan oliy o‘quv yurti, ilmiy muassasa va tashkilot ixtiyoriga qaytishlari shart. Maqsadli doktoranturani tugatib dissertatsiya ishini himoya qilmagan izlanuvchilar yuborgan OTM, ITM va tashkilotga ishga qabul qilinmaydi.
Maqsadli doktoranturani ochish, tugatish, unga qabulni tashkil etish, o‘qish muddati, doktoranturadan chetlatish, ilmiy rahbar (ilmiy maslahatchi) tayinlash va chetlatish, ular faoliyati samaradorligining monitoringini yuritish, hujjatlarni rasmiylashtirish va hisobot taqdim etish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 maydagi «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 304-son qarori bilan tasdiqlangan «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limga qo‘yiladigan davlat talablari», «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim to‘g‘risida»gi Nizomda belgilangan tayanch doktorantura va doktoranturaga qo‘yilgan talablar va muddatlar asosida amalga oshiriladi.
Yuboruvchi tomon tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha oliy malakali kadrlar - falsafa doktorlari (PhD) va fan doktorlari (DSc) hamda zamonaviy ilmiy-tadqiqot bazasiga ega bo‘lgan ITM va OTMlariga tegishli ixtisoslik bo‘yicha maqsadli doktoranturaga qabul qilish bo‘yicha xat yo‘llaydi.
Qabul qiluvchi tashkilot so‘ralayotgan mutaxassislik bo‘yicha oliy malakali kadrlari va tegishli moddiy-texnik bazasini mavjudligini o‘rganib maqsadli doktorantni qabul qila olish yoki olmasligi to‘g‘risida yozma javob yo‘llaydi.
Tomonlar o‘zaro kelishuvga erishgach maqsadli doktoranturaga qabul qiluvchi tashkilot har yili 1 maygacha «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim to‘g‘risida»gi Nizomda ko‘rsatilgan tartibda va muddatlarda tayanch doktoranturaga, doktoranturaga so‘ralgan O‘zbekiston Respublikasi davlat budjet mablag‘lari hisobiga o‘qitish uchun qabul kvotalari doirasida maqsadli doktoranturani qabul kvotalarini bo‘ysunuvchi vazirlik, idora va tashkilotiga yo‘llaydi.
Doktoranturada o‘qishga talabgorlar OTM yoki ITMga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 maydagi 304-son “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq hujjatlari bilan birga yuboruvchi tashkilot birinchi rahbari imzolagan tavsiyanoma xatini taqdim etadi.
Maqsadli doktoranturaga yuboruvchi tashkilot yo‘llayotgan nomzodlarni ixtisosligi bo‘yicha tanlov bo‘lishini ta'minlagan holda yuboradi.
Doktoranturaga kirish imtihonlarini topshiruvchi shaxslarga imtihonlarga tayyorlanish va topshirish uchun o‘n besh kalendar kun muddat bilan ish haqi saqlanmagan holda ta'til beriladi, o‘quv yurtlari joylashgan yerga borish va qaytib kelish vaqti hisobga kirmaydi.
Maqsadli doktoranturasi mavjud OTM, ITM va idoralar quyidagi huquqlarga ega:
ilmiy rahbarning doktorantni xorijiy yetakchi ilmiy markazlarga ilmiy xizmat safariga yuborish to‘g‘risidagi iltimosnomasi asosida qabul qiluvchi tomonning taklifnomasi mavjud bo‘lgan holda Kollegial organda ilmiy xizmat safariga yuborishning maqsadga muvofiqligi masalasini ko‘rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish;
shaxsiy ish rejalarini bajarmagan yoki ilmiy etika, ma'naviy va axloq-odob normalarini buzgan doktorantni doktoranturadan chetlatish va bu haqda mutaxassisni o‘qishga yo‘llagan OTM, ITM yoki tashkilotga xabar berish;
doktorantlarni shartnoma (idoralararo, davlatlararo) asosida o‘qitish uchun tushadigan (shu jumladan valutada) mablag‘larni belgilangan tartibda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va chet ellarda o‘z mutaxassislarining malakasini oshirishga sarflash.
Maqsadli doktoranturaga ega OTM, ITM va idoralar quyidagi majburiyatlarga ega:
doktorantlarning malakaviy imtihonlarini topshirishi, umumnazariy tayyorgarligi va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishi uchun zarur sharoitlarni yaratib berish, shuningdek tajribali olimlardan ilmiy rahbar va maslahatchilar tayinlanishiga alohida e'tibor berish;
doktorantlar faoliyatini muntazam nazorat qilish, Kollegial organ (Ilmiy kengash, ilmiy-texnikaviy kengash)larda ilmiy rahbar va maslahatchilarning hisobotlarini eshitish. Doktorantlar faoliyatini bir yilda ikki marta monitoringdan o‘tkazish va tegishli qaror qabul qilish;
doktorant bilan ilmiy rahbar, maslahatchi o‘rtasida ilmiy izlanishlar bo‘yicha jiddiy kelishmovchiliklar yuz berganda Kollegial organ (Ilmiy kengash, ilmiy-texnikaviy kengash va b.q.)larda doktorantning ilmiy rahbarini yoki maslahatchisini almashtirish to‘g‘risidagi asoslangan arizasini ko‘rib chiqish va tegishli qaror qabul qilish.
Maqsadli doktoranturaga yuboruvchi OTM, ITM va idoralar quyidagi huquqlarga ega:
doktorantning ilmiy faoliyatini nazorat qilish hamda attestatsiya materiallarini so‘rab olish;
doktorant shartnoma shartlarini bajarmaganda (dissertatsiya ishini muddatida himoya qilmagan yoki himoya qilib yuboruvchi tashkilotga ishga qaytib bormaganda) uni doktoranturada tayyorlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlar qoplanishini o‘rnatilgan tartibda talab qilish.
Maqsadli doktoranturaga yuboruvchi OTM, ITM va tashkilotlar quyidagi majburiyatlarga ega:
maqsadli doktoranturaga qabul jarayonida ilmiy tadqiqot olib borish qobiliyatiga ega bo‘lgan nomzodlarni tanlov asosida borishini ta'minlash;
doktoranturaga qabul qilingan shaxslar bilan doktoranturaga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi buyruq yoki undan tasdiqlangan ko‘chirma asosida mehnat shartnomasini bekor qilish;
Doktorant quyidagi huquqlarga ega:
OTM, ITM va idoraning uskuna, laboratoriya, kabinet, axborot-resurs markazi va boshqalardan foydalanish;
mutaxassisligi bo‘yicha ilmiy ekspeditsiya, konferensiya, seminar va boshqalarda ishtirok etish;
ilmiy xizmat safarlariga, shu jumladan xorijiy mamlakatlarga borish;
ilmiy-tadqiqotlar bo‘yicha ziddiyatlar yuzaga kelgan holda ilmiy rahbarni yoki maslahatchini almashtirish to‘g‘risida Kollegial organ (Ilmiy kengash, ilmiy-texnikaviy kengash)ga asoslangan ariza berish;
maqsadli doktorantura muddati davomida tadqiqot mavzusi doirasida e'lon qilingan tanlovlarda, davlat va nodavlat grantlarida hamda xo‘jalik hisobidagi ilmiy ishlarni bajarishda ishtirok etish.
Doktorant quyidagi majburiyatlarga ega:
OTM, ITM yoki idoralar Kollegial organ (Ilmiy kengash, ilmiy-texnikaviy kengashlari) tomonidan tasdiqlangan shaxsiy ish rejasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot olib borish va uni to‘la bajarish;
kafedra, bo‘lim, laboratoriya va sektor majlislarida shaxsiy ish rejasining bajarilishi to‘g‘risida muntazam ravishda (yilda kamida ikki marta) hisobot berib borish va attestatsiyadan o‘tish;
OAK tomonidan tasdiqlangan talablarga muvofiq ravishda o‘z vaqtida malakaviy imtihonlarini topshirish va dissertatsiya mavzusi bo‘yicha ilmiy maqolalar chop ettirish;
chuqur kasbiy bilimlar, mustaqil ilmiy-tadqiqot va pedagogik ish olib borish malakasi, ilmiy-tadqiqotlarni o‘tkazish uslubiyatini egallash;
falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSs) dissertatsiyasini muddatida himoya qilish yoki Ilmiy kengashda dissertatsiyani himoyaga qabul qilinishi uchun taqdim etish;
OTM yoki ITM ichki mehnat tartibi va odob-axloq qoidalariga rioya etish. Ichki mehnat tartibi va odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik uchun intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin. Intizomiy jazo qo‘llanilishidan oldin doktorantdan tushuntirish xati olinadi. Qo‘llanilgan intizomiy jazo doktorantga tilxat olish orqali ma'lum qilinadi.
Ilmiy rahbar va maslahatchi quyidagi huquqlarga ega:
Kollegial organ (ilmiy kengash, ilmiy-texnikaviy kengash va b.)ga doktorantni xorijiy yetakchi ilmiy markazlarga xizmat safariga yuborishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida asoslangan yozma iltimosnoma bilan murojaat qilish.
Ilmiy rahbar va maslahatchi quyidagi majburiyatlarga ega:
doktorantning ilmiy ishiga samarali ilmiy rahbarlik yoki maslahatchilik qilish;
doktorantning tasdiqlangan shaxsiy ish rejasini bajarishini muntazam nazorat qilish;
dissertatsiya ishining OAK talablariga muvofiq ravishda sifatli, o‘z vaqtida tugallanishi va himoyaga taqdim etilishini ta'minlash;
har yili Kollegial organ (ilmiy kengash, ilmiy-texnikaviy kengash va b.q.) oldida doktorant bilan birga hisobot berish.
Mavzuga oid
18:58 / 06.05.2026
Fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi belgilandi
09:54 / 14.04.2026
Yakka uy-joy va kichik binolar qurilishida xususiy nazorat joriy etiladi
18:34 / 09.04.2026
Soliq nazorati tadbiri videotasvirga olinadi
11:17 / 06.04.2026