Stiv Jobsning 10 tamoyili
Stiv Jobs hayot bo‘lganida 24 fevralda 64 yoshga to‘lgan bo‘lar edi. Dunyoning eng muvaffaqiyatli faoliyat yurituvchi korporatsiyalaridan biri - Apple asoschisi, afsonaviy biznes-magnat 8 yillik saratonga qarshi kurashdan keyin 56 yoshda hayotdan ko‘z yumgan.
Deyarli 40 yillik karerasi davomida Stiv Jobs butun bir sanoat qiyofasini o‘zgartirib yuborgan inqilobiy qarorlarni taklif qilgan. Jobs IT-texnologiyalar tarixidagi eng mashhur shaxslardan biri bo‘lib qoladi. BigPicture Stiv Jobs o‘z faoliyati davomida qanday tamoyillarga asoslanganiga oid ma'lumotlar bilan bo‘lishdi.
1. Mukammallikka intiling
Stiv Jobs detallarga juda e'tiborli bo‘lgan. Birinchi iPod taqdimoti arafasida Apple kompaniyasi xodimlari tuni bo‘yi quloqchinlar darchasini almashtirishgan, chunki Jobs shunday qilinsa, yaxshiroq bo‘ladi degan qarorga kelgan.
2. Ekspertlar bilan ishlang
Jobs kompaniya savdo tarmog‘ini ishga tushirishdan avval Gap kompaniyasidan Mikki Drekslerni jamoaga ishga yollagan.
3. Afsuslanmang
Jobs jamoatchilikka namoyish qilgan mahsulotlar bilan ham, ishlab chiqarilishi "muzlatilgan" ishlanmalari bilan ham birdek faxrlangan. Masalan, Jobs Palm Pilot klonini yaratish ustida qattiq mehnat qilgan, biroq mobil telefonlar "KPK"ni bozordan siqib chiqarayotganini anglagach, ortiqcha afsus-nadomatlarsiz barcha ishlanmalarni to‘xtatdi va bu muhandislarga iPod ustida ishlash imkonini berdi.
4. Fokus-guruhlarga e'tibor qarating
Jobsning "Odamlarga namoyish etmaguningcha nima xohlashayotganini o‘zlari ham bilishmaydi" degan mashhur gapi bor. Shu bois uning o‘zi bir kishidan iborat fokus-guruh sifatida ishlagan - mahsulotlar prototiplarini uyiga olib ketib, oylab ularni sinovdan o‘tkazgan.
5. O‘rganish va tadqiq qilish - oxiri yo‘q jarayon
Apple uchun qurilmalar yaratish jarayonida Jobs Sony kompaniyasi mahsulotlarining shrifti, ergonomikasi va tashqi ko‘rinishini yaxshilab o‘rgangan. Birinchi «Mak» korpusi ustida ishlayotib, u Apple kompaniyasi avtoturargohiga chiqib, Germaniya va Italiya avtomobillari kuzovlari tuzilishini tadqiq qilgan.
6. Soddalashtiring
Jobs dizaynining falsafasi – doimiy soddalashtirish. iPod’ning eng birinchi modellarini ishlash davomida u dizaynerlarga tugmalardan, jumladan yoqib o‘chirish tugmasidan ham xalos bo‘lishni buyurgan. Dizaynerlar dastlab norozi bo‘lgan bo‘lsalar-da, keyinchalik mashhurlikka erishgan aylanma "g‘ildirak"ni ishlab chiqishgan.
7. Sir saqlang
Apple kompaniyasida hech kim ortiqcha gap-so‘zga berilmagan. Sir saqlashga rioya qilish Jobsga odamlar orasida o‘z mahsulotlariga bo‘lgan katta qiziqishni saqlab qolishga yordam bergan. Natijada esa uning taqdimotlari so‘zsiz kun yangiligiga aylangan.
8. Kichik jamoalar bilan ishlang
Dastlab Macintosh jamoasida 100 kishi bo‘lgan. 101-xodim yollanadigan bo‘lsa, kimdir o‘z o‘rnini bo‘shatishiga to‘g‘ri kelgan. Jobs kompaniya xodimlarining faqat 100 nafarining ismi sharifini eslab qolishi mumkinligini aytgan.
9. Kamroq tanbeh, ko‘proq motivatsiya
Jobs yetarlicha qattiqqo‘l rahbar bo‘lgan, lekin Apple xodimlari uni kuchli motivator sifatida qabul qilishgan. Apple jamoasi ilk Mac mahsuloti ustida uch yil davomida 90 soatlab ishlagan va buning natijasida afsonaviy mahsulot yaratilgan.
10. Prototiplardan foydalaning
Jobs amalga oshirgan ishlarning bari prototiplarda ishlab chiqilgan: texnika, dasturiy ta'minot, hatto Apple do‘konlari ham. Arxitektor va dizaynerlar bir yildan ortiq vaqt davomida kompaniya shtab-kvartirasi yaqinidagi maxfiy omborda do‘kon prototipini loyihalashtirishgan. Bu Jobs loyihani yo‘lga qo‘yishi va barini boshidan boshlashi uchun bajarilgan.
Mavzuga oid
08:10 / 15.11.2024
Apple BBC, The Insider va "Exa Moskvy" podkastlarini Rossiyada yashirib qo‘ydi
23:31 / 14.11.2024
iCloud mijozlari Apple kompaniyasini sudga berdi
16:54 / 13.11.2024
Apple iPhone narxidagi kitobini chiqardi
11:28 / 10.11.2024