Jamiyat | 19:22 / 26.02.2019
15739
11 daqiqa o‘qiladi

«Maktabni isloh qilmay turib iqtisodiyotni rivojlantirib bo‘lmaydi».  Xalq ta'limi tizimiga mutaxassis takliflari

«Sifatli ta'lim zarurati hozirgi avlodning keyingi avlod oldidagi qarzidir», degan edi amerikalik bankir, o‘z davrining eng boy odamlaridan biri Jorj Pibodi.

Har qanday mamlakatning taraqqiyoti avvalo ta'lim tizimiga borib taqaladi. Iqtisodiyot, siyosat, fan, sanoat, qurilish, tibbiyot — barcha sohaning rivoji uchun ta'lim tizimining ahvoli muhim ahamiyatga ega. 

Amerikalik iqtisodchi Arnold Harberger neoklassik iqtisodiy rivojlanish modellarida inson kapitaliga katta e'tibor berilmay, oqibatda ushbu modellar kutilgan natijani bermagani haqida yozgan (1998). Jahon Banki ma'lumotiga ko‘ra, 1950 yilga nisbatan 2010 yilga kelib, Osiyo va Tinch okeani havzasi mamlakatlarida maktab o‘quvchilarining soni 200 baravarga oshdi. Shunga qaramay, Yer yuzida 124 million nafar o‘quvchi maktab ta'limidan yiroq, 250 million o‘quvchi esa boshlang‘ich ta'limdan keyin ham o‘qish-yozishni bilmaydi.

Psixologiya fanlari nomzodi Mahmud Yo‘ldoshev umumta'lim maktablarida tubdan o‘zgarishlar qilish kerakligini ta'kidlagan holda ta'lim sifati bo‘yicha dunyoda yetakchilik qiluvchi Skandinaviya mamlakatlari modelini joriy qilishni taklif etmoqda. U bu haqida Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ta'kidlab o‘tgan.

Foto: Mahmud Yo‘ldoshev

— Rivojlangan mamlakatlarda bolani olti yoshdan maktabga qabul qilish amaliyoti mavjud. O‘zimizda ham ba'zilar farzandini bir yil oldin o‘qishga beradi. Ba'zilar esa bola bu yoshda hali tayyor bo‘lmaydi, degan fikrda...

— Bizda hozir mavjud bo‘lgan — bolani 7 yoshdan boshlab maktabga berish amaliyoti sovet tizimidan meros qolgan. Hozirgi possovet davlatlarida bu holatni kuzatish mumkin. Vaholanki, ta'lim reytingida yetakchi bo‘lgan Skandinaviya davlatlarida o‘quvchilar 6 yoshdan maktabga qabul qilinadi. Yaponiyada esa bola 5 yoshdayoq bizning 1-sinf o‘quvchilarimiz o‘qiydigan dasturni o‘zlashtirib bo‘ladi.  

Bola 6 yoshda hali ma'lumot  qabul qilishga tayyor bo‘lmaydi degan qarashlar — noto‘g‘ri. Aslida, 3 yoshdan boshlab bola atrofni o‘ta faol tarzda va qiziqish bilan qabul qila boshlaydi. 5 yoshda esa uni har tomonlama rivojlantirishning ayni vaqti. To‘laqonli ishonch bilan aytish mumkinki, 6 yoshli o‘g‘il ham, qiz ham bizdagi mavjud boshlang‘ich ta'lim dasturini bemalol qabul qila oladi. Shuning uchun bu yoshni maktab qabuli uchun standart etib belgilashni taklif qilaman.

Shuningdek,  boshlang‘ich sinfda baholash tizimi bekor qilinishi tarafdoriman. Belgilangan bahoni ololmaslikdan qo‘rquv hissi bolada o‘qituvchisidan, ota-onasidan hayiqishni paydo qiladi. Undagi erkinlik hissi to‘siqlarga duch keladi. Bola maktabdagi ilk davrda erkin bo‘lishi, cheklanmasligi kerak. Bu davrda bola qanchalik erkin bo‘lsa, uning jamiyatda o‘z o‘rnini osonlik bilan topa olishi  psixologiyada isbotlangan holat. Aks holda, unda  nimanidir xato qilib qo‘ysam yoki bilmasam, jamiyat menga «past baho beradi», degan seskanish paydo bo‘ladi. Yuqori sinfgacha bolada erkinlik hissi shakllanib bo‘lgach, keyin baho tizimini joriy qilish mumkin. Endi bunda baho yaxshiroq o‘zlashtirishga nisbatan rag‘bat vazifasini bajaradi. Tengdoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni ta'minlaydi.

— Maqolalaringizdan birida tabaqalashtirib o‘qitish va eksternat tizimini joriy qilish haqida taklif bildirgansiz. Bu fikrni hozir ham qo‘llab-quvvatlaysizmi?

— Ko‘pchilik tabaqalashtirib o‘qish deganda iqtidorli bolalarni alohida bitta sinfga jamlab qo‘yib, o‘zlashtirishi o‘ziga yarasha bo‘lganlarni alohida ajratib qo‘yishni tushunadi. Bu noto‘g‘ri. Bunday tizim korrupsiya, nosog‘lom raqobat, nepotizm kabi illatlarga zamin yaratadi. Chin ma'nodagi tabaqalashtirib o‘qitish bitta sinfdagi o‘quvchilarni o‘zi qiziqqan yo‘nalish asosida alohida yondashuv bilan o‘qitishni nazarda tutadi.
Misol uchun, oltinchi sinf o‘quvchisining biri fizikani tez o‘zlashtirishi, yana biri esa gumanitar fanlarga qiziqish bildirishi mumkin. O‘qituvchi har bir bolaning qaysi yo‘nalishga moyilligi va iqtidori borligini aniqlagan holda, uni o‘sha sohaga ko‘proq yo‘naltirish, qo‘shimcha yuklamalar asosida o‘qitishi lozim. Yaxshigina fizik chiqishi mumkin bo‘lgan bolani adabiyotni ham yaxshi o‘qishga majburlash emas, balki fizikani chuqurlashtirilgan tarzda o‘rganishiga sharoit yaratib berish lozim. Baribir bola hamma fanlarni birdek a'lo darajada o‘zlashtira olmaydi. 

Bitta fandan ilgarilab ketayotgan o‘quvchi sinfdoshining ham o‘zi istamasa-da shu fanni yetkazib o‘zlashtirishini kutib, bir nuqtada depsinib qolishi mumkin. Bu o‘rtamiyonalashuvga sabab bo‘ladi — o‘ta yaxshi ham, o‘ta yomon ham yo‘q, hamma o‘rtacha biladi. Bir narsani tushunish lozim: hammani yoppasiga fiziklashtirib ham, birdek tilchi qilib ham bo‘lmaydi. Darsning maromi darsni tushunmayotgan bolaga emas, eng yaxshi o‘zlashtirayotgan bolaga moslashtirilishi kerak. 

Eksternat tizimiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ba'zi holatlarda bola o‘ta iqtidorli bo‘lib, fan uchun belgilangan dasturni qisqa muddatda o‘zlashtirishi, belgilangan ta'lim standartlariga javob berishi mumkin. Bunday vunderkindlarni ekstern tarzida o‘qitish kerak bo‘ladi. Ya'ni u sinfdan sinfga «sakrashi», yangi dasturlarni o‘zlashtirishi uchun sharoit yaratish kerak. 

— Jahon tajribasida maktablarning ixtisoslashtiriluvi ta'lim sifatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi kuzatiladi. Bu amaliyot O‘zbekistonda ham yaxshi natija beradimi?

—Maktablarni ixtisoslashtirish, fanlarni o‘quvchining iqtidoriga ko‘ra tanlab o‘qitish ta'lim sifatini oshiradi. Bunday maktablarda barcha fanlardan umumiy ko‘nikma bergan holda, muayyan yo‘nalishdagi fanlar chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitiladi. 

Ixtisoslashtirilgan maktablarning bir jihatiga e'tibor qaratilishini istardim. Har bir ixtisoslashgan maktabga yo‘nalishiga ko‘ra shu sohaning yetakchi tashkilotlari homiy bo‘lishi, uni moliyalashtirishni o‘z bo‘yniga olishi kerak. Misol uchun, musiqaga ixtisoslashtirilgan maktablar uchun faqatgina Xalq ta'limi vazirligi emas, Madaniyat vazirligi ham javobgar bo‘lishi lozim. Nega endi Xalq ta'limi vazirligi artistga ham, tikuvchiga ham, injyenerga ham pul tikishi kerak?! Har bir instansiya o‘zi uchun kerakli kadrning ta'lim jarayonida bevosita ishtirok etishi kerak. Bunda ham har bir soha uchun yetuk kadrning tayyorlanishini o‘sha sohaning o‘zi ta'minlaydi, ham Xalq ta'limi vazirligining mablag‘i noto‘g‘ri taqsimlanmaydi. U asosan jarayon nazoratchisi vazifasini bajaradi.

Shu o‘rinda yana bir gap. Maktablarda qog‘ozbozlik masalasi har doim bor. Shuning barobarida falonchining ota-onasi kim, qayerda, qaysi lavozimda ishlaydi kabi ma'lumotlarni jamlash kabi ortiqcha ishlarga maktablarda mukkasidan ketilgan. Falonchi sudyaning o‘g‘li, pistonchi mullaning qizi degan ijtimoiy tabaqalashuv o‘z-o‘zidan o‘qituvchi-o‘quvchi munosabatlarida, sinfdoshlarning o‘zaro muloqotiga ta'sir qilmay qolmaydi. Bolaning ta'lim olishida, jamiyat bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishida ijtimoiy maqom yetakchi rol o‘ynamasligi lozim. Bizdagi bu «an'ana» mahalliychilik, nepotizm, korrupsiya kabilarga yo‘l ochib berishi mumkin. 

— Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, bitta sinfda o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi belgilangan. Ammo tuman markazlarida o‘quvchilar soni 45tagacha borishini ham ko‘rish mumkin. 

— Tadqiqotlarga ko‘ra, kishi bir vaqtning o‘zida maksimum 7ta obektni qamrab olishi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, o‘qituvchi bir paytning o‘zida 7 nafar bolaga chin ma'noda e'tibor qarata oladi. Sinflarda uzog‘i bilan o‘quvchilar soni 25 nafardan oshmasligi kerak. Ta'lim tizimi rivojlangan Finlyandiyada 25 nafar o‘quvchiga fanni ikkita o‘qituvchi o‘tadi. Bizda esa bitta o‘qituvchiga 40talab o‘quvchi biriktirib qo‘yilgan. Bunaqada bola bilan individual shug‘ullanishning imkoni bo‘lmaydi.
Tuman markazlarida, ayniqsa poytaxtdagi maktablarda sinflarda o‘quvchilar  sonining me'yoridan ko‘pligi kuzatiladi. Ochig‘ini aytish kerak, 40 nafar bola o‘tirgan sinfda vunderkindlarning yetishib chiqish ehtimoli pasayadi. Maorif tizimida maktablar sonini ikki baravarga oshirish lozim. Ko‘pqavatli binolar, muhtasham imoratlar qurishga juda ko‘p vaqt va mablag‘ sarflanyapti. Lekin yangi maktab qurildi, falonchi maktab qurib beribdi degan gap quloqqa chalinmaydi. Maktabni isloh qilmay turib iqtisodiyotni rivojlantirib bo‘lmaydi.

Yana bir gap. Nega Yaponiyada o‘qituvchilarning maoshi harbiylarniki bilan tenglashtirilgan-u, bizda o‘qituvchilar ba'zi haydovchilardan ham kamroq pul topadi? Nega hokimiyat vakillariga qatorlatib qimmatbaho mashina topshirib, yana yetmaganiga har biriga haydovchi biriktirib qo‘yishimiz kerak? Nima, bizning xalqimiz matematikadan shunchalik no‘noqmiki, mablag‘ni qayoqqa yo‘naltirishni bilmasa? Qachongacha biz hisob-kitobni noto‘g‘ri olib boramiz? Hokimiyat binolari oldida qatorlashib turgan Malibularning puliga nechtalab maktab qurish mumkin axir...

Ma'lumot uchun, ta'lim sifati bo‘yicha yetakchilik qiluvchi Skandinaviya davlatlarida o‘quvchilar yaxshi va yomon, a'lochi va ikkichiga ajratilmaydi. Har bir o‘quvchining o‘ziga xos iste'dodi bor, ular bir-biriga o‘xshamaydi, alohida yondashuv asosida ularga ta'lim berish kerak, degan prinsipga amal qilinadi.          «​Biz bolalarni yoki imtihonlarga, yoki hayotga tayyorlashimiz kerak, albatta, ikkinchi yo‘lni tanlashimiz afzal»​, deydi fin muallimlari. 

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi​

Mavzuga oid