Senator Batir Matmuratov Senat XVIII-yalpi majlisida ma'qullangan «O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston qonuni haqida gapirib, yangi kodeks bo‘yicha ayrim ma'lumotlarni keltirib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Uning aytishicha, Saylov kodeksi 2 qism, 18 bob, 101 moddadan iborat bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.

Shuningdek, kodeks O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xohish-irodasi erkin bildirilishini ta'minlovchi kafolatlarni belgilashi ta'kidlandi.

Konstitutsiyada belgilanganidek, saylov umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali ochiq va oshkora o‘tkaziladi. 

Ma'lum qilinishicha, Saylov kodeksi o‘zida quyidagi yangiliklar va asosiy qoidalarni nazar tutadi:

birinchidan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida amaldagi deputatlik 150 o‘rni saqlab qolingan xolda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillariga quyi palatada deputatlik o‘rinlari uchun kvota ajratish instituti chiqarib tashlandi.

ikkinchidan, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari tomonidan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga nomzod ko‘rsatish tartibi bekor qilindi;

uchinchidan, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish tartibi qonun bilan tartibi belgilandi;

to‘rtinchidan, siyosiy partiyalar tomonidan imzo yig‘ish jarayonida saylovchilarning bir yoki bir nechta nomzodlarni yoxud partiyalarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishi mumkinligi belgilandi;

beshinchidan, muddatidan ilgari ovoz berish va saylov kuni ovoz berish uchun yagona saylov byulletenini joriy etish orqali «saylov varaqasi» tushunchasi chiqarib tashlandi;

oltinchidan, ovoz berish jarayonida saylovchilarga bir nechta belgilardan (+, √qushcha, X) birini qo‘yish imkoniyati berildi;