Jahon | 21:08 / 02.03.2019
7976
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh kurdlarning PKK partiyasini terroristik tashkilot sifatida tan oldi

AQSh Davlat departamenti Kurdiston ishchilar partiyasini terroristik guruh sifatida tan oldi. Bu haqda departament tarqatgan bayonotda ma'lum qilingan. 

«Davlat departamenti (Tashqi ishlar vazirligining muqobili - tahr.) Kurdiston ishchilar partiyasining (PKK) maqomini qayta ko‘rib chiqdi va uning terroristik guruhga oidligini tasdiqlaydi», – deyiladi bayonotda.

PKK a'zolari 1984 yildan buyon aholining ko‘pchiligi kurdlardan iborat Turkiyaning janub-sharqiy hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish, avtonomiya uchun kurashib keladi. Tashkilot bir qator xorijiy davlatlar, xususan Yevropa Ittifoqida ham terroristik guruh sifatida tan olingan. Partiya yetakchisi Abdulla Ojalan esa 1999 yildan beri Turkiyaning Imral orolchasidagi qamoqxonada saqlanadi. 

AQSh Davlat departamentining ayni qarori Erdo‘g‘an boshliq Turkiya hukumati tomon yon bosish, uning siyosati qisman qo‘llashga ishora qiladi. Rajab Erdo‘g‘an ancha paytdan Suriya hududida formal guruh shakliga kirgan PKK AQSh vasiyligida ekanligini iddao qilardi. Rasmiy Vashington Suriyadan harbiylarni olib chiqib ketishi to‘g‘risidagi qarori bilan birga ayrim askarlarning Turkiyaga yaqin Manbiji yerlarida qolishini aytgandi. 

Unga ko‘ra, Suriya shimol-sharqidagi kurdlar va Turkiya askarlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurolli to‘qnashuviga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Kurdlarning Suriyadagi boshqa tashkiloti - YPG rahbariyati esa rasmiy Damashqdan umidvor bo‘lib, «Zaytun novdasi» amaliyotiga qarshi turishini so‘ragandi. 

Kurdlar – Yaqin Sharq mintaqasida keng tarqagan, asosan Turkiya, g‘arbiy Eron, shimoliy Iroq va shimoliy Suriyada istiqomat qiluvchi etnik millatlardan biri. Ularning soni, turli manbalarda, 20-40 million nafar kishi atrofida ko‘rsatiladi. Shundan 15 milliondan ortiq kurd millatiga mansub kishi Turkiyada yashaydi.

Mavzuga oid