Jahon | 22:12 / 02.03.2019
4535
2 daqiqa o‘qiladi

SpaceX ilk bor Crew Dragon kemasini XKSga uchirdi

SpaceX kompaniyasi 2 mart kuni Falcon 9 raketasida ko‘p marotaba qo‘llanuvchi yangi Crew Dragon kemasini Xalqaro koinot stansiyasi tomon uchirdi.

Parvoz Kanaveral burnida joylashgan kosmodromdagi tarixiy 39A start majmuasidan amalga oshirilgan. Bu majmuadan o‘z vaqtida Oyga “Apollon” raketalari uchirilgan.

Ushbu parvoz start vaqtida avariya holatiga ekipajni shoshilinch evakuatsiya qilish tizimi bilan jihozlangan eng yangi kemaning ilk sinov parvozi bo‘lgan. Boshqariluvchi kema boshqarilmaydigan rejimda uchirilgan.

Avvalgi 3 o‘rindiqli kemalardan 7 o‘rindiqligi bilan farq qiluvchi kema bortida skafandr ichiga joylashtirilgan Ripli nomli maneken bor bo‘lib, u “O‘zgalar” fantastik filmining bosh qahramoni Ellen Ripli nomiga shunday atalgan. Skafandrdagi datchiklar parvozning barcha bosqichlarida manekenning holatini kuzatib boradi. Kema XKS ekipajiga 182 kg oziq-ovqat, ilmiy uskunalar va materiallar ham yetkazadi.

Startga ozgina qolganda kema ichiga Yer shaklidagi yumshoq o‘yinchoq vaznsizlik indikatori sifatida joylashtirilgan.

Kema stansiya bilan 3 mart kuni mustaqil birikishi rejalashtirilgan. Bunda kemani ushlash va stansiyaga biriktirish uchun mo‘ljallangan XKSdagi mexanik qo‘l-manipulyator Canadarm-2’dan foydalanilmaydi.

Kema XKSda 5 kun bo‘ladi va 8 mart kuni orbitadan chiqib, parashyutlar yordamida Atlantika okeaniga qo‘ndiriladi. U suvga qo‘ngandan bir soat keyin SpaceX’ning maxsus kemasiga ortiladi. 

Agar kemaning ilk parvozi favqulodda vaziyatlarsiz yakunlansa va muvaffaqiyatli deb topilsa, unda SpaceX kemani ekipaj bilan birga uchirishi mumkin bo‘ladi. Hozircha kemaning 2 fazogir bilan parvozi joriy iyulga belgilangan. 

Mavzuga oid