Sport | 21:30 / 03.03.2019
28063
9 daqiqa o‘qiladi

«Mukammallik davri» - El-Klasiko haqida

“Ispaniya klasikosi tugadi”, deb yozyapti ko‘pgina nashrlar. Ha, kimlar uchundir tugagan bo‘lsa, ajab emas. Dunyo ahli uchun ma'qul keladigan klasiko tugagandir balki. “Real” tarkibida afsonaga aylangan Ronaldu yo‘q, shu bois o‘n yildan buyon davom etib kelayotgan superto‘qnashuvga yakun yasalgandek manzara. Kimga kerak bunaqa qahramonlarsiz jang, deyishmoqda. Qo‘shilaman, ammo...

Gvardiolaga qarshi moslangan Maur ham yo‘q, juda bo‘lmasa janjal ko‘tarib hammaning e'tiborini o‘ziga tortadigan. Madrid darvozasi oldida uyushtirilgan hujum borki, “Barsa”ning gollari bilan tugamoqda. La-liga jadvalida ham ochkolar farqi 12tagacha oshib ketdi. Shu ham klasikomi? Ha, zohiran shunaqa. Biroq, uch kun ichida o‘tkazilgan ikki uchrashuv masalaning boshqa tomonlarini ochib bermoqda. Hozir shu haqda yozmoqchiman.

San'atda azaliy savol bor: “spektakl, film, badiiy asar, ayniqsa, tasviriy san'at asari xalqbop bo‘lishi kerakmi yo muxlislar saviyasidan yuqorimi?” degan. Bu tortishuv poyoniga yetmaydi. “Muxlislarbop bo‘lishi kerak”, deydiganlar tushunarsiz asarlarni tanqid qiladilar. “Xalq tushunmaydigan bo‘lsa, u asar nima uchun kerak?” deydilar. Ikkinchi taraf esa, “yuqori didli asarlar xalq saviyasi darajasiga tushmasligi kerak, qaytanga ommaning didini oshirish uchun xizmat qilishi lozim”, deyishadi.

Men oxirgi ikki klasikoni futboldagi san'at asariga — muxlislarga u qadar tushunikli bo‘lmagan asarga mengzagan bo‘lardim. Oldingi klasikolardan farqli ravishda unda ochiq intriga kuzatilmaydi, ikki daho to‘qnashuvini ko‘rmaymiz, murabbiylar nomi yulduz darajasiga chiqib ulgurmagan, turnir jadvalidagi holat ham muxlislarning e'tiborini boshqa tomonga qaratmoqda. Lekin yaxshilab 180 daqiqalik o‘yinni tahlil qiladigan bo‘lsak, unda oldingi klasikolardan ko‘ra ajibroq jihatlarni ilg‘aymiz. Ishonavering, shu ikki o‘yin menga 2010 yildan boshlangan klasikolardan ancha didliroq kechdi. Ha!

Bilasizmi, Valverde boshqa murabbiylardan ko‘ra insofli va rostgo‘y mutaxassis. Sira aldaganini eshitmaganman. Kataloniyaga kelib, ilk klasikoda qaqshatqich zarba qabul qilganida ham, Madridga kelib ikkita g‘alabani qo‘lga kiritganida ham o‘zgarmagani meni qoyil qoldirgan. Ana shu mutaxassis kubok o‘yinidagi g‘alabasidan so‘ng jamoasini yomon o‘ynadi deb tanqid qildi. “Xulosalar chiqarishimiz kerak”, dedi.

Tasavvur qilyapsizmi, Mourino xuddi shu holatda asl muammolarni yuzaga olib chiqarmidi? Yo‘q, butunlay so‘z o‘yini qilib, ichida o‘ylab turgan gaplarini tashqariga chiqarmay, yigitlarning supero‘yinini chiroyli ta'riflab qo‘ya qolardi.

Xullas, Valverde yirik hisobli g‘alabadan so‘ng ham o‘yinida muammolar borligini aytdi va uch kun ichida ancha ishlaganini keyingi bahsda ko‘rsatib berdi. Va qizig‘i, 1:0ga yutgan uchrashuvidan mamnun bo‘lmoqda: “Oldingi o‘yinda ko‘p muammoga duch kelgandik. Ba'zi o‘yinlardagi hisob aldamchi bo‘ladi. Misol uchun, biz Chempionlar ligasida “Lion” darvozasi oldida 20dan ziyod golli vaziyat yaratdik, gol ura olmadik. O‘yin tugagach, hamma bizni tanqid qildi, aslida men o‘yindan rozi edim. Kubokdagi o‘yinimiz bizdan ko‘ra “Real”ning mazmunli o‘yini bilan yodda qoldi. Biz to‘pni ko‘p ushlab tura olmadik. Zonalarni yaxshi yopolmadik. Madrid vaziyatlaridan foydalana olmasligi hisobiga yengib ketdik. Lekin liga uchrashuvida biz barcha jabhada ustunlik qildik. Demak, ishlarni to‘g‘ri olib boryapmiz!”

Ko‘ryapsizmi, ikki o‘yindagi paradoksroq holatlarni. 3:0 hisobida g‘alaba qozongan jamoa murabbiyi uch kundan keyingi o‘yinga ko‘proq mehnat qilishi qachon kuzatilgan? Hech eslay olmadim. Valverde bu yerda o‘zining taktik yordamini ko‘rsata oldi. Arturni tushirib, markazdagi sxemasini o‘zgartirib, xususan Lukasning o‘rnini egallagan Beylning bugungi holatidan unumli foydalanib, Madrid jamoasini qurolsizlantirdi.

Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak ham, kubok o‘yinida raqiblarini ko‘proq aldagan Vinisius bu safar ancha qarshilikka uchradi. Kazemironing zaif tomonlari ko‘zga tashlanib qoldi. Beylning unumsiz o‘yini tufayli Modrich o‘z ishi qolib chap qanotda ham harakatlanishiga to‘g‘ri keldi, bu esa, “Barsa”ning markazidagi ishlarini osonlashtirdi.

Qarshi hujumlarda “Real” biror marta raqibdan son jihatidan ustun bo‘la olmadi. Oldingi bahsda teskarisi bo‘lgandi. Qirollik klubining har bir qarshi hujumi qo‘rqinchli tus olgandi. Vaziyatni golga aylantirish masalasi esa, boshqa masala. Ronalduning yo‘qligini shu nuqtadagina esga olamiz.

Valverde biz bilgan “Barselona”ni hujumdan ko‘ra himoyada mazmunliroq o‘ynashga o‘rgatdi, deyapmiz. To‘g‘ri, lekin bu mutaxassis har bir uchrashuvga alohida tayyorgarlik ko‘rishi bilan-da oldingi barsachi murabbiylardan farq qiladi. Tavakkalchiligi yo‘q, muammolarini to‘g‘ri baholaydi, xullas, uni yenggan jamoa keyingi to‘qnashuvda ko‘p ehtimol yuta olmaydi.

Yana bir muhim jihat: mana shu ajoyib tarzda o‘tgan ikki klasikoda Messi gol urolmadi. O‘zi u anchadan beri bosh qahramon bo‘lmayapti. Klasikoning yangi davri boshlanganini ko‘rsatmaydimi bu fakt? Balkim o‘zining asosiy raqibi yo‘qligi uchun ham bor imkoniyati darajasida o‘ynamayotgandir. O‘zi uchun klasiko ahamiyati yo‘qolgandir balki. Xullas, taxminlar ko‘p.

Endigi klasikolarni oldingi o‘lchovlar bilan tomosha qilmasligimiz kerak. Istasak ham, istamasak ham, Ronaldu-Messi to‘qnashuvi endi bo‘lmaydi. O‘z uslubiga ega bo‘lgan, muqim uslubini ushlab olgan mutaxassislar to‘qnashuvi ham bo‘lmaydi. Taktik ustalarining yurishlari, janjalsiz, ortiqcha dahmazalarsiz o‘tajak o‘yinlarga taraddud ko‘ravering endi!

Messi ham bir kuni ketadi. Futbol shu kunni ham ko‘rishga mahkum. Ana shunda bu jamoalar o‘rtasidagi san'at asari yanada mukammalashsa kerak, deb o‘ylayapman. Ba'zan mukammallik odamni o‘ziga ko‘ndirib, uning davomidan qo‘rqitadi. Ronaldusiz “Real” ancha qiynalyapti, lekin o‘yin sifati o‘zgargani yaqqol sezilmoqda, muhimi shu.

Oldingi klasikolarning ba'zilarida yenggan bo‘lsa ham “Real” raqibidan nuqul zaif o‘ynagan. Lekin hozir golsiz vaziyatlar tufayligina yengilyapti, o‘yinni emas, natijani yutqazyapti. Buni “Barsa” murabbiyi ham e'tirof etayotganini aytib o‘tdik. Demak, mukammallik yo‘qolgach, jamoa boshqa yo‘lga tushib oladi. Boshqa mukammallikni yaratish uchun yangi yo‘l ochadi o‘ziga.

Madrid hozircha qiynalar, ammo keyinchalik yangi asrini boshlashi muqarrar. Xuddi shu narsa Kataloniyada ham sodir bo‘ladi. Messisiz davrida. Hozir esa, Leo yashil maydonda ekan, jamoa kamroq mehnat qilib ham yenga oladi. Aytishadiku, Messi bor joyda taktikalar ishlamaydi. Bu mukamallik davri Kataloniya tomonida ham vaqtincha...

Xayrulla Hamidov.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid