22:11 / 04.03.2019
59811

«Unutilmas yo‘qotish»​. Shimoliy Koreya SSSR ta'siridan qanday chiqib ketgandi?

Foto: Reuters

Shimoliy Koreya paydo bo‘lgan davrlarda zamonaviy KXDRdan ancha farq qilgan. Eng katta farqlardan biri – Kim Ir Sen davlati sovetlarning mutlaq nazoratida boshqarilgan. De fakto davlat rahbari Kim Ir Sen emas, SSSRning Shimoliy Koreyadagi elchisi Terentiy Shtikov edi, Kim esa mamlakat yuzi, inqilob yetakchisi va mehnatkash koreyslar timsoli.

XX asr 50-yillardan boshlab vaziyat birmuncha o‘zgardi, masalan Gleb Kriulin (1974-1982 yillarda elchi) Shtikov tutgan richagga ega bo‘lmadi, u Shimol siyosatini o‘z tizginida saqlab turishga qodir emasdi. 

Mustaqil diktatura sari yo‘l

Foto: The Telegraph

SSSRning Shimoliy Koreyadagi ta'siri qirqilishiga turtki bo‘lgan birinchi omil – yarimorolni tark etgan sovet armiyasi bo‘ldi.

1948 yil, bir vaqtning o‘zida, AQSh ham Janubiy Koreyadan harbiylarni olib ketishga va'da beradi. Rasmiy dialektda bu voqea yarimorol nazoratini mustaqil koreys davlatlariga to‘liq topshirish sifatida talqin etildi. Ammo yetakchi davlatlarning elchixonalari mahalliy qudratini saqlab qoldi.

Ikkinchi omil – Xitoy armiyasining Shimoliy Koreyani inqiroz yoqasida saqlab qolgani bo‘ldi. 1958 yilga qadar xitoyliklar Shimoliy Koreyada yuz berishi mumkin bo‘lgan bo‘hronlarga qarshi turib berdi. Bundan tashqari, Lavrentiy Beriyaning «yangi siyosiy kursi» sotsializm ta'sirida yashayotgan «kichik xalqlar»​ ustidan nazorat susaytirilib, rahbarlar almashinuviga ishora qilgandi.

KPSSning mashhur XX s'yezdida esa destalinazatsiya jarayoniga start berildi: ko‘p o‘tmay Bolgariyada Vylko Chervenkov, Vengriyada Matyasha Rakoshi hokimiyatdan ketdi. 

Kim hukmronligi yakuniga yetishini ertaroq anglagan siyosatchi edi, haqiqatan uni hokimiyatdan ag‘darishga urinish sodir bo‘ldi. 1956 yili avgustdagi muvafaqqiyatsiz urinishdan so‘ng, Kim Ir Sen Moskva ta'siridan imkon qadar tezroq chiqib ketishni o‘ylab qoldi. Agar shunday qilmasa, «katta Og‘a»​ga quloq tutish yaxshilik bilan tugamasligini tushunib yetdi.

SSSRning eng omadsiz diplomati

Kim Ir Sen o‘ylagan maqsadiga yetishishida rasman aybdor shaxslarni keltirib o‘tsa bo‘ladi: masalan, Aleksandr Puzanov shulardan biridir. 1957-1962 yillarda SSSRning KXDRdagi elchisi lavozimida ishlagan Puzanov Ittifoq tarixidagi eng omadsiz diplomat, deb atalishga loyiq.

Stalin davri tarixi bilan yaqindan tanish insonlar Puzanov ismini ko‘p uchratadi: axir uni shaxsan Stalin partiya elitasi tarkibiga kiritgan. 1952 yilda Markazqo‘m Prezidiumi a'zoligiga saylangan bo‘lajak diplomat RSFSR Ministrlar Kengashini ham boshqaradi. Dohiyning o‘limi ortidan Puzanov ham bir qator lavozimlardan chetlashtirildi. Uning o‘zi hayotining keyingi yillarida Stalin boshqaruvini qo‘msab yashadi.

Shaxsga sig‘inish fosh etilgach, amaldagi siyosatdan ancha qo‘rqib qolgan, ehtiyotkor davlat arbobi, diplomatiyadan xabari yo‘q diplomat Kim Ir Sen uchun ayni muddao bo‘ldi. U rejalashtirgan ishlarini Xrushchev bilan yaxshi aloqada bo‘lmagan Puzanov davrida amalga oshirishi mumkin, bunga sharoit paydo bo‘ladi.

Moskva Lenin islohotlariga qaytib, Pxenyan yetakchisidan ikki lavozimdan biridan voz kechishni so‘ragan. Ya'ni partiya va ijro hokimiyati rahbari bo‘lgan Kim ikki kursidan birini hamsoyalaridan biriga topshirishi lozim edi. Shu bilan sotsializmdagi kollektiv boshqaruv mexanizmlari tiklanishiga umid qilgan Moskva, keyinchalik Kim Ir Sen tanlagan yo‘lni yaxshi bilmasdi. Negaki, shimolliklar dohiysi Ministrlar kengashidagi raislik o‘rnini o‘ziga sodiq sheriklaridan biriga topshirib, Moskva chalg‘ib turgan paytda, lavozimni qaytarib olishni o‘ylayotgandi.

Birinchi nomzod, Milliy mudofaa vaziri Kim Chxve Yen Gon avval ham shunaqa vazifani bajargandi: 1946 yil tashkil etilgan va rekord fursatda kommunistlarga bo‘ysungan Demokratiya partiyasiga aynan u yetakchilik qilgan. Ammo Kim Chxvega ishonmaydi, balki uning qo‘lida harbiylar bo‘lgani bu qarorga ta'sir qilgandir. Shimoliy Koreya rahbari bu masalaga yechim izlashni elchixona ixtiyorida qoldirdi. Qat'iyatsiz amaldorlardan biri – Kim Il nomzodi ilgari surildi. Undan ham qat'iyatsiz, tajribasiz diplomat Puzanov esa ishlarga aralashib, noto‘g‘ri qaror chiqarishdan qo‘rqib, sukut saqladi.

Kim Ir Sen endi yanada xatarli qarorga to‘xtaldi: har ikki lavozimda ham u qolsa, nima bo‘ladi? Puzanov yana jim. Kim tavakkal qilib ko‘rish kerakligini tushundi. 1957 yilda mahkama to‘liq isloh etildi. Kim xorijiy safardan qaytganda ham elchixonadan sado chiqmadi, demak hammasi joyida. Kim Ir Sen KXDRning yakka hukmroniga aylandi.

KXDR tabiati

Foto: yaplakal

1962 yili Puzanov o‘rniga lavozimga tayinlangan Vasiliy Moskovskiy Pxenyanga yetib kelganda, KXDR ochiqdan-ochiq SSSR-XXR kelishmovchiligida Pekin tarafida turib siyosat olib borayotgandi.

KXDR sovuq urush paytining o‘zida paydo bo‘lib, uning yakuniga qadar SSSRdan ajrab ketgan yo‘ldosh davlat hisoblanadi. Qolgan davlatlar avvaldan yarim mustaqil bo‘lgan, boshqalari esa qayta qurish siyosatiga qadar ta'sirdan chiqarilmagandi. Nega Pxenyannning Moskvaga qarshi kurashi ko‘rimsiz, jimjit o‘tib ketdi?

Gap shundaki, mana shunday qilsa, SSSRdan iqtisodiy ko‘mak so‘rash imkoniyati doim saqlanib qolishiga ishongan Kim Ir Senning Xitoy bilan juda inoq bo‘lib ketishi Moskvaga ham yoqmagan. 

Shuning uchun, Kreml Shimoliy Koreyani ochiqchasiga qoralashdan o‘zini tiyib turgan. Faqat maxfiy ma'lumotnomadagina Shimoliy Koreyadagi terror, iqtisodiy turg‘unlik haqida aytilardi. Bu o‘yinda Shimoliy Koreya g‘alaba qildi: u chiroyli kulgi va qo‘l siqishdan boshqa hech narsa bermay, Moskvadan ko‘p narsani qabul qildi.

Puzanovning xatolari tufayli, Shimoliy Koreyada Kimlar oilasi hokimiyatni mustahkam egallab olishiga katta sharoit paydo bo‘ldi.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid
Top