6 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘zbek futbolini rivojlantirishning bugungi holatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘FA va PFL mutasaddilari, xususan, PFL bosh direktori Omon G‘ofurov, direktor o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayev, O‘FA hakamlar va nazoratchilar departamenti direktori Ma'mur Saidqosimov, Futbolni rivojlantirish departamenti boshlig‘i O‘tkir Jalilov, Trenerlar ta'limi departamenti rahbari Shavkat Imamov ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston futboli atrofidagi bahsli masalalar ko‘tarildi. Jumladan, Superliga reglamentidagi o‘zgarishlar, O‘FA va PFL hamda klublar va terma jamoalar o‘rtasidagi munosabatlar, hakamlik saviyasi, yangi tashkil etilgan viloyat futbol akademiyalari kabi mavzulardagi savollarga mutasaddilar javobi tinglandi. Kun.uz muxbiri matbuot anjumanida rasmiylar tomonidan yangragan ayrim iqtiboslarni keltirib o‘tdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Omon G‘ofurov:

 «Bu yil litsenziyalash talabini juda ham kuchaytirdik. Klublar o‘z akademiyasi va infratuzilmasidagi sharoitlarni yaxshilashi, marketing borasida ishlashiga kattaroq ahamiyat berdik. O‘ylaymizki, bu o‘z samarasini beradi va mana shu 3-4 yil mobaynida bizning klublarimiz ham o‘zini o‘zi boqadigan, davlatga qaram bo‘lmaydigan jamoalar bo‘ladi. Infratuzilmasini ham xalqaro andozalarga to‘g‘rilaydigan bo‘ladi».

O‘tkir Jalilov:

«Biz o‘z yo‘limizni tanlaymiz. Bu yo‘l o‘rganishlar va boshqa xalqaro akademiyalar faoliyatining natijasidir. Biz faoliyatini yo‘lga qo‘ygan viloyat futbol akademiyalari xalqaro standartlarga javob beradi. Ulardagi tayyorlov dasturlari, bosqichma-bosqich bir guruhdan ikkinchisiga o‘tib borish kabilarning barchasi xalqaro talablarga muvofiq. Ammo bularni o‘z modelimizga moslab amalga oshirdik».