Sport | 23:14 / 07.03.2019
16004
5 daqiqa o‘qiladi

To‘labek Akramov: «Babayan «Lokomotiv» asosiy jamoasining ishlariga aralashmaydi»

O‘tgan hafta o‘zbek futbolidagi eng taniqli shaxslardan biri Samvel Babayan Toshkentning «Lokomotiv» jamoasida ish boshladi. U klub prezidenti Mansur Rajabovga maslahatchi etib tayinlandi. Bir yil avval O‘FA tomonidan futboldan chetlashtirilgan mutaxassisning qaytishi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ma'lum bo‘lishicha, uning diskvalifikatsiyasi 2018 yilning 15 yanvaridan 1 fevraliga qadar davom etgan.

Kun.uz mazkur tayinlov, shuningdek, O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi birinchi raqamli futbol jamoasi faoliyatiga doir boshqa savollarga javob olish uchun «Lokomotiv» bosh direktori o‘rinbosari To‘labek Akramov bilan suhbat uyushtirdi.

 Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

 

– «Lokomotiv» keskin tanqidlar ostidagi Samvel Babayan bilan hamkorlik boshlashga qaror qilganini qanday izohlaysiz?

– Savolingiz juda o‘rinli. Buni hozir trendga chiqqan mavzu, desak ham bo‘ladi. Biz muxlislarni ham to‘g‘ri tushunib turibmiz. Biz Babayanni O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi bo‘lgani yoki avval ishlagan joylari sabab chaqirganimiz yo‘q. Biz uni mutaxassis sifatida chaqirdik. Bundan maqsad – hozir klubimiz qoshidagi maktabda 500ga yaqin yosh bolalar futbol bilan shug‘ullanishyapti. Futbolga aloqador bo‘lgan insonlarning xabari bor, oxirgi yillarda «Paxtakor» akademiyasida qilinayotgan ishlarda aynan Samvel Babayanning hissasi juda katta. Shu maqsadda asosan shu bolalar maktabidagi infratuzilmani yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Babayan xizmatidan foydalanishga qaror qildik.

Klubga taklif qilganimizdan keyin internetda shov-shuv ko‘tarilib ketdi. Men muxlislarni ham tushunib turibman, lekin Babayanning o‘tmishiga klub javob bermaydi. Yana bir marta qaytaraman, biz Samvel Babayanni murabbiy qilib olib kelganimiz yo‘q. Sababi u katta jamoaga aralashmaydi. O‘ziga ishlarni belgilab berdik. Asosan, maktabimiz infratuzilmasini katta cho‘qqilarga, keyingi bosqichga olib chiqish bilan shug‘ullanadi. Maqsad shu.

Babayan yoshlar bilan juda yaxshi ishlaydi. Buni amalda ham isbotlagan. Hozir o‘zbek futbolida o‘z o‘rnini topgan futbolchilar, masalan, Jaloliddin Masharipov, Odil Ahmedov, Igor Sergeyev, Jamshid Iskanderov, Davron Hoshimov va boshqa ko‘plab o‘yinchilarni misol qilib keltirish mumkin. Shu tomonlama kuchli mutaxassislardan biri bo‘lgani uchun Samvel Babayanni klubimizga taklif etdik.

Yana bir marta qaytaraman, muxlislar adashtirishmasin, Samvel Babayan faqat maktabimizga qaraydi, seleksiya ishlarini ham o‘zi olib boradi va asosiy jamoaga aralashmaydi.

– Yosh tarbiyalanuvchilar «Lokomotiv»ning kelajagi ekanini inobatga olsak, ularni Samvel Babayanga ishonib topshirish tavakkal emasmi?

 – Men buni risk deb ayta olmayman. Nimagaki biz Babayan bilan bugun tanish emasmiz. Uning maktab uchun qilib kelayotgan ishlarining hammasidan xabarimiz bor. Shuning uchun buni risk deb o‘ylamayman. Professional qarash kerak. U – o‘z ishining ustasi. O‘zbekiston terma jamoasida qilgan natijalarining bizga qizig‘i yo‘q. Biz professional sifatida ishga qabul qilib, bolalar maktabimizni ko‘tarmoqchimiz. Unda bu tajriba bor.

Yana aytaman, futbolga aloqador bo‘lgan insonlar uning potensialini juda yaxshi bilishadi. Muxlislarni ham to‘g‘ri tushunaman, ular muxlis ko‘zi bilan qarashadi. Shuning uchun aytyapmanki, Babayanning O‘zbekiston terma jamoasida ko‘rsatgan natijasining bizning klubga hech qanaqa aloqasi bo‘lishi kerakmas. U o‘tmishiga o‘zi javob beradi. Kim nima xohlasa, kim nimani so‘rab olmoqchi bo‘lsa, o‘zi javob beraversin. Lekin biz Babayanga belgilab bergan ishimiz bor.

O‘ylaymanki, 1-2 yildan keyin intervyu olishga kelsangiz, natijasini so‘rab olsangiz bo‘ladi.

Intervyuni Kun.uz`ning videotarmoqlardagi sahifalarida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Ma'lumot uchun, «Lokomotiv» rahbariyati tomonidan Babayan zimmasiga quyidagi uchta asosiy vazifa yuklatilgan:

1. Klub infratuzilmasini ko‘tarish hamda yangi bosqichga olib chiqish;

2. «Lokomotiv» bolalar va o‘smirlar futbol maktabini rivojlantirish va zamonaviy faoliyat yuritishini yo‘lga qo‘yish;

3. Klub material-texnik bazasini yanada shakllantirish hamda buning uchun kerakli barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Mavzuga oid