Jahon | 19:42 / 11.03.2019
6486
2 daqiqa o‘qiladi

Boeing aksiyalari Efiopiyadagi aviahalokatdan keyin quladi

Foto: CC0

AQShning Boeing samolyotsozlik korporatsiyasi aksiyalari Nyu-York fond birjasidagi dastlabki savdolar vaqtida 8,7 foizga, ya'ni 386 dollargacha arzonlashib ketdi.

Aksiyalar narxi Ethiopian Airlines aviakompaniyasining Boeing 737 Max 8 samolyoti halokatga uchragandan keyin qulagan.

Aviahalokat 10 mart kuni Efiopiyada yuz berdi. Samolyot bortida bo‘lgan 157 kishining barchasi halok bo‘lgan. Fojia sababi aniqlashtirilmoqda.

Bu oxirgi 5 oy ichida Boeing 737 Max 8 samolyotlari bilan yuz berayotgan ikkinchi halokatdir. 2018 yil 29 oktyabrda Jakarta-Pankalpinang yo‘nalishida parvoz qilayotgan Indoneziyaning Lion Air aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737 Max 8 samolyoti parvozdan 13 daqiqa o‘tib Yava dengiziga qulagan. Samolyot bortidagi 189 kishining barchasi halok bo‘lgandi.

Boeing Efiopiyadagi aviahalokat sababli yangi Boeing-777X samolyotining taqdimotini qoldirishga qaror qildi. 

Aviahalokat sababli Xitoy fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi mamlakat aviakompaniyalariga Efiopiyada qulagan modifikatsiyadagi samolyotlarda yo‘lovchilarni tashishni taqiqlab qo‘ydi. Aviakompaniyalarga reyslarga bu samolyotlar o‘rniga Boeing 737-800 samolyotlarini chiqarish taklif qilingan. Ma'lum qilinishicha, Xitoy aviakompaniyalari umumiy hisobda 60 ta shunday samolyotga ega.

Keyinroq Britaniyaning Cayman Airlines aviakompaniyasi ham Boeing 737 Max 8 samolyotlarini qo‘llashni vaqtinchalik to‘xtatgani ma'lum bo‘lgan. Shuningdek, Indoneziyada ham ushbu samolyotlardan foydalanish to‘xtatilgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid