Sport | 12:00 / 11.03.2019
15320
10 daqiqa o‘qiladi

De Xea uyaltirdi. «Arsenal» YeChL uchun jangda «MYu»ni mag‘lub etdi

«Arsenal» Angliya Kubogi doirasida yanvar oyidagi mag‘lubiyat uchun «Manchester Yunayted»dan qasos oldi. Mankunianliklar Ole Gunnar Sulsher boshchiligida Angliya chempionatida ilk bor mag‘lub bo‘ldi.

Angliya chempionati, 30-tur
«Arsenal» - «Manchester Yunayted» - 2:0 
(1:0)
Gollar: Chaka, 12 (1:0). Obameyang, 69 - penalti (2:0).  
«Arsenal»: Leno, Papastatopulos, Koselni, Monreal, Meytland-Nayls, Remzi, Chaka, O‘zil (Ivobi, 77), Kolashinats, Obameyang (Suares, 80), Lyakazett (Nketia, 86). 
«Manchester Yunayted»: de Xea, Dalot (Marsiyal, 71), Yang, Smolling, Lindelyof, Shou, Fred, Pogba, Matich (Grinvud, 80), Lukaku, Reshford. 
Ogohlantirishlar: Papastatopulos, 38. Matich, 68. Pogba, 76. Kolashinats, 90.  
Hakam: Moss.
10 mart. London. «Emireyts» stadioni.

De Xeaning xatosi
Ole Gunnar Sulsher «Manchester Yunayted»ning rekordlar kitobiga o‘z nomini yozishda davom etdi. Ko‘pchilik Parijdagi g‘alaba eyforiyasida bu o‘yin «qizil iblislar» o‘z tarixida ilk marta qatorasiga 9 safar o‘yinidagi g‘alaba bo‘lganiga e'tibor bermadi. Sulsherning fantastik seriyasi dekabrning ikkinchi yarmida «Kardiff»da boshlangandi va bu seriyaning eng yorqin o‘yinlaridan biri yanvarda «Emireyts»da bo‘lgandi, o‘shanda «MYu» «Arsenal»ni Angliya Kubogidan chiqarib yuborgandi (3:1). Lekin bu seriyaning yakunlanishiga ham Londonda guvoh bo‘ldik.

Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi o‘rindan 4 ochko ortda qolish xavfida qolgan Unai Emeri jamoasi o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi. «Park de Prens»dagi g‘alabadan sarmast manchesterliklar esa harchand harakat qilishmasin, o‘yinga bor e'tiborini qarata olishmadi. O‘yin mezbonlarning ketma-ket hujumlari bilan boshlandi, mehmonlar qarshi hujumlarda harakat qilishdi. Eng xavfli hujum dastlab Brend Leno qo‘riqlayotgan darvoza qarshisida yuzaga keldi, germaniyalik darvozabon Lukakuning zarbasi qarshisida ojiz qoldi, ammo to‘p darvoza to‘sinidan qaytdi. Ko‘p o‘tmasdan manchesterliklarni ko‘p o‘yinlarda qutqargan David De Xea qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi, u Granit Chakaning jarima maydoni tashqarisidan bergan zarbasi trayektoriyasiga tomoshabin bo‘la oldi, xolos.

Zarba yo‘naltirilgan vaqtda chapga tashlanib qo‘ygan ispaniyalik darvozabon uning yo‘nalishi qanday o‘zgarishini kuzatib turish bilan cheklandi. Ispaniyalik darvozabon kam xato qiladi, lekin u APLda qatorasiga uchinchi o‘yinda jarima maydoni tashqarisidan berilgan zarbani o‘tkazib yubormoqda. U joriy mavsumda jami 6 marta jarima maydoni tashqarisidan berilgan zarbani o‘tkazib yuborgan. Bu o‘tgan mavsumdagidan ikki barobar ko‘p (hali mavsum yakunigacha yana 8 o‘yin bor).

Agar u uyaltirmaganida, biz hozir «MYu» mezbonlarni qanday to‘xtatganini muhokama qilayotgan bo‘lardik. Sulsher «Arsenal» hujumkor o‘ynashini hisobga olgan holda, 4-4-2 sxemasini qo‘lladi, chap qanotda Pogba va Shou, o‘ng qanotda Dalot va Yang harakat qildidi. «Arsenal»ning qanotlarida Emeri kelgach, kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan Kolashinats va Bellerin mavsum oxiriga qadar safdan chiqishi tufayli o‘ng qanot himoyachisiga aylantirilgan Meytlend-Naylz harakat qildi. Meytlend-Naylz bu o‘yinga qadar ishonchli o‘ynamayotgan, «Arsenal»ning raqiblari aksar hujumlarini uning qanotidan uyushtirishayotgandi. Emeri 5-3-2 sxemasi bilan boshladi va o‘yin avvalidagi faollikdan keyin himoyani mustahkamladi. Birinchi bo‘limda darvoza tomon yo‘llangan yagona aniq zarba - Chakaning gol urgandagi zarbasi edi. «MYu» esa o‘yin davomida 14 bor zarba berdi, shundan 4tasi darvoza sohasiga aniq bordi, yana 2tasi darvoza to‘siniga va ustuniga tegdi.

Lenoning mo‘jizakor seyvlari, Obameyangning sovuqqonligi
«Arsenal» bu o‘yinda omad tufayli g‘alabaga erishdi. Gol o‘tkazib yuborgach, manchesterliklar to‘liq kuch bilan oldinga tashlanishdi, endi mehmonlar hujumda, mezbonlar qarshi hujumda harakatlanishardi. Lekin londonliklar darvozasi oldida uyushtirilgan hujumlar goh darvozabonning qahramonliklari, goh omad tufayli besamar ketaverdi. Vaziyatlardan birida Fredning kuchli zarbasi darvozabonning barmoqlari uchlarini silab o‘tib, darvoza ustuniga tekkan holda maydon tashqarisiga yo‘naldi, Lukaku ham golli seriyasini davom ettirish uchun yana qulay vaziyatlarga ega bo‘ldi, ammo belgiyalik futbolchi Monreal va Sokratisni ortda qoldirdi, ammo Leno to‘pni uning oyoqlari ostida qaytarib qoldi.

«Arsenal»ning qarshi hujumlari esa bir necha marta laynsmen bayrog‘ini ko‘tarib, ofsaydni ko‘rsatishi tufayli to‘xtatib qolindi.

Birinchi bo‘lim oxirida Reshford jarima maydonida zarba berishga chog‘langanida uning zarbasi yo‘liga tashlangan Chaka bo‘lmaganida, bu safar Leno ham qutqara olmasligi mumkin edi. Bu vaziyatda ikki futbolchi to‘qnashib ketdi va shifokorlar maydonga tushib kelib, o‘yinda tanaffus yuzaga keldi. Jamoalar birinchi bo‘limda yana hujum qilishiga vaqt yetmadi.

«MYu» Joze Mourino davridan buyon ilk marta APLda raqibni hisobda quvishga majbur bo‘ldi. Balki, shuning uchundir Lukaku ikkinchi bo‘lim boshida yakkama-yakka vaziyatda Lenoga yana mag‘lub bo‘ldi.

Germaniyalik darvozabon bu safargi seyvi bilan navbatdagi hakamlik mojarosi yuzaga kelishining oldini oldi. Bu vaziyatda qanot hakami kichik ofsayd holatini sezmay qolgandi.

Leno qutqarishda davom etdi, navbatdagi safar Reshfordning oyoqlari orasidan to‘pni olib qo‘ydi. O‘tgan turda «Tottenhem» darvozasiga penaltidan gol urolmasdan, jamoasini g‘alabadan mahrum etgan Obameyang esa bu safar ham 11 metrlik nuqtaga yaqinlashdi. Bu vaziyatda Fred to‘p bilan oldinga tashlangan Lyakazettga fol ishlatgach, Jonatan Moss ikkilanmasdan «nuqta»ni ko‘rsatdi. Sulsher va mehmon futbolchilar bu vaziyatni penaltiga tortmaydi, deb hisoblashdi. Ular Lyakazettning oyog‘iga zarba berilmaganini iddao qilishdi, ammo hakam bu vaziyatda braziliyalik yarimhimoyachi raqibni qo‘llari bilan turtganini ham hisobga olgandi.

Gabonlik hujumchi sovuqqanlik bilan to‘pni darvozabon turgan joyga yo‘naltirdi, bu vaqtda De Xea chapga sakrab bo‘lgandi.

O‘yinni darvozabonlarning harakatlari hal qildi. De Xea o‘yinning eng yomon futbolchisi bo‘ldi.

Qutilishga urinish
Ikkinchi gol o‘tkazilgach, 71-daqiqada Sulsher Dalot o‘rniga Marsiyalni maydonga tashladi va jamoa 4-2-3-1 sxemasiga o‘tdi, Reshford endi qanotga o‘tkazildi, Pogba oldinga chiqarildi (Pogba uchun bu o‘yin eng muvaffaqiyatsiz o‘yinlardan biri bo‘ldi, rejissyorlar izlab topishmasa, muxlislar uning maydonda bor-yo‘qligini ham sezishmasdi), Marsiyal hujum markaziga qo‘yildi. Emeri esa darhol «Arsenal»ning o‘yinini 5-4-1 sxemasiga o‘tkazdi va o‘yinning qolgan vaqtida «MYu» hech narsa qila olmadi. Mehmonlarning hujumlariga sharros quygan yomg‘ir ham to‘sqinlik qildi va futbolchilar qiynalib harakat qila boshlashdi, tig‘iz himoyani yorib o‘tishning imkoni bo‘lmadi.

Sulsher ichki turnirlarda ilk marta mag‘lub bo‘ldi - 12 o‘yin davom etgan mag‘lubiyatsiz seriyaga yakun yasaldi.

Prinsipial raqibi ustidan g‘alaba qozongan «kanonirlar» ularni to‘rtinchi o‘rindan tushirib yubordi va bu turda kutilmaganda «Sauthempton»ga yutqazgan «Tottenhem» bilan oradagi farqni 1 ochkogacha qisqartirdi. Endi «Arsenal»da 60, «MYu»da 58 ochko. Agar Azar va jamoadoshlari zaxiradagi «Brayton»ga qarshi o‘yinda ham g‘alaba qozonishsa, ochkolarini 60taga yetkazib, 5-o‘ringa ko‘tariladi, «MYu» esa Sulsher kelishidan avvalgi o‘rniga qaytadi.

Tur o‘yinlari

Turnir to‘purarlari

Turnir jadvali

Mavzuga oid