Bugun, 21 may kuni Bilbaoda Yevropa Ligasi finali bo‘lib o‘tadi. Angliyaning ikki jamoasi – «Manchester Yunayted» va «Tottenhem» nufuz jihatidan ikkinchi o‘rinda turadigan yevrokubok uchun o‘zaro kuch sinashadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 23:55 da boshlanadi va «Zo‘r TV» orqali namoyish etiladi.

«Ayni damda hamma narsa»

Sen uchun Quddus nima, deb so‘rashadi mashhur filmda sarkardadan. Javob shunday bo‘ladi: – «Hech narsa! Ayni damda hamma narsa...»

Agar bu iborani boshqa qayerdadir qo‘llash uchun birgina imkoniyatingiz bo‘lsa va shu paytgacha ishlatmagan bo‘lsangiz, baxtlisiz. Bugun ayni payti. Bugun finalda maydonga tushadigan har ikki klub rahbarlaridan tortib, murabbiylar, futbolchilar, muxlislar ham yuqoridagi so‘zlar bilan javob berishadi, shubhasiz.

Paradoks jihati ham shu yerda. Biz shu paytgacha juda ko‘p finallarni ko‘rganmiz, boshlanmasdan g‘olib aniq bo‘lib, yakunda o‘sha jamoa kubokni ko‘targan o‘yinlar ham, oxiri noma’lum dramatik to‘qnashuvlar ham, boshlanmasdan g‘olib aniq bo‘lib, keyin oxiri noma’lum dramatik to‘qnashuvga aylanib ketganlarini ham ko‘rganmiz. Ammo doim birgina umumiy jihat bo‘lardi finallarda – mag‘lub ham har qancha tushkun bo‘lmasin, boshini yuqori ko‘tarib tark etardi stadionni. Axir bir musobaqaning g‘olibi bo‘lishga bir o‘yin masofada yaqin kela olish ham katta natija, shunday emasmi?

Bugungi finalning o‘ziga xosligi ham shunda – yo‘q, shunday emas. Bugun g‘olib batutning eng tubidan uchgandek osmonga sapchishi, mag‘lub esa mavsum bo‘yicha davom etgan surunkali sharmandalikning shokini bir onda his qilishi mumkin.

Hech qo‘rqinchli, yomon tush ko‘rganmisiz? Uyg‘onib ketgan palladagi his bor, qanaqadir shukr hissi, hozirgina ko‘rilganlar dahshatli, ammo faqat tush ekanini anglash... Bugungi g‘olib jamoa aynan mana shundek uyg‘onadi, unda butun mavsumni unutish, hech narsa bo‘lmagandek kechagi kundan boshlash imkoniyati bo‘ladi. Mag‘lub esa yana qancha vaqt o‘sha tushda yashaydi, noma’lum.

«Manchester Yunayted» va «Tottenhem» ayni damda APLda mos ravishda 16 va 17-o‘rinlarni egallab turishibdi. Pastda faqat Chempionship. So‘nggi turdagi g‘alaba jamoalarni nari borsa 14-o‘ringa ko‘taradi. Har qanaqasiga APL tarixidagi eng yomon natija.

«Tottenhem» Angliyadagi oxirgi 11 o‘yindan atigi bittasini o‘z foydasiga hal qilgan. G‘alabaga faqat yaqqol autsayder «Sauthempton» ustidan erishilgan. «MYu» ham qolishmaydi, oxirgi g‘alaba ikki oydan sal ko‘proq avval, boshqa bir autsayder «Lester» bilan o‘yinda bo‘lgan. «Manchester Yunayted»da to‘plar nisbati «–12», «Tottenhem» esa 2025 yil ligada darvozasi oldida eng ko‘p vaziyat yaratilgan jamoa sanaladi.