«Tottenhem» – Yevropa ligasi g‘olibi! «Shporlar» XXI asrdagi ikkinchi, 2008 yildan buyon ilk sovrinini qo‘lga kiritdi, londonliklar 17 yil muqaddam Angliya ligasi kubogiga ega chiqishgandi. Endi bu jamoa keyingi mavsumda Angliyaning Chempionlar ligasining keyingi mavsumidagi oltinchi vakili sifatida ishtirok etadi.

«Tottenhem» – «Manchester Yunayted» 1:0
Gol: Jonson 42.
«Tottenhem»: Vikario, Porro, Romero, Van de Ven, Udogi (Spens 90), Sarr (Grey, 90), Bissuma, Bentankur, Jonson (Danso 78), Solanke, Risharlison (Son 67).
«Manchester Yunayted»: Onana, Yoro, Maguayr, Shou, Mazraviy (Dalot 85), Kazemiro, Fernandesh, Dorgu (Maynu, 90), Diallo, Hoylund (Zirkzeye 71), Maunt (Garnacho 71).
Ogohlantirishlar: Van de Ven 49, Risharlison 58, Bissuma 68 – Diallo 35, Zirkzeye 84, Maguayr 88, Evans 90.

«Tottenhem» va «Manchester Yunayted» ilk daqiqalardanoq klassik inglizcha futbol namoyish etishga kirishdi. Ikki tomonlama pressing, ko‘plab yakkakurashlar va standart vaziyatlar, hujumlarni rivojlantirishda asosan uzun uzatmalardan foydalanish va bu orqali riskni minimallashtirish. Tashabbus u tomondan bu tomonga o‘tib turdi – tomonlar navbati bilan hududiy ustunlikka egalik qilib turdi. Mankunianliklar nisbatan ko‘proq vaqt davomida to‘pga egalik qilishdi, ammo bu asosan maydonning o‘z darvozasi joylashgan qismida va maydon markazida kuzatildi. Angelos Posteko‘g‘li jamoasi esa maydonning uchinchi qismiga raqibga qaraganda biroz ko‘proq uzatmalar berdi. Umuman olganda, hisob 0:0 holatida maydonda teng o‘yin bo‘ldi.

Shunga qaramay, «Tottenhem»ning vaziyatlari xavfliroq tus oldi. Ruben Amorim jamoasi o‘yinning dastlabki qismidayoq individual xato tufayli gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi. Darvozabon Onana Porroning krossidan keyin to‘pga chiqishda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi – agar Mazraviy oxirigacha harakat qilib, to‘pni raqib boshidan olib qo‘ymaganida gol bo‘lishi deyarli aniq edi. Keyin esa Maguayr noqulay pasi bilan raqibning qarshi hujumiga sababchi bo‘ldi, ammo o‘z xatosini o‘zi tuzatib, zarba yo‘lini to‘sishga ulgurdi.

«Manchester Yunayted» to‘pni oldinga olib borishda o‘z laterallarini ishga solib, «shporlar» mudofaasini qanotlar orqali buzib o‘tishga harakat qildi. Chap qanotda Dorgu faollik ko‘rsatdi, o‘ngda esa ayniqsa Diallo «Tottenhem» himoyachilariga kun bermadi. Himoyachilar mankunianliklarning driblyorini katta qiyinchilik bilan to‘xtatib turishdi. Birinchi bo‘limda aynan Amadda gol urish uchun yaqqol vaziyat yuzaga kelgandi, burchak zarbasi ijro etilganida Vikario to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi, ammo Dialloning zarbasi xato ketdi.