O‘zbekiston | 20:00 / 11.03.2019
2906
2 daqiqa o‘qiladi

Meva-sabzavotlarni Rossiyaga eksport qilishda foydalaniladigan «Yashil yo‘lak» tartibidagi o‘tish punktlari soni oshirildi

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi «Yashil yo‘lak» tartibidagi o‘tish punktlari soni 7tadan 11taga yetkazildi.

«Milliy mahsulotlar eksporti geografiyasini kengaytirish, tadbirkorlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishi uchun qulay shart-sharoit yaratish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2018 yilda Novosibirsk viloyatidagi «SVX Legion Sibir Plyus» o‘tkazish punktida, Chelyabinskdagi «SVX Logistik-Chel», Orenburgdagi «SVX Servis-produkt», Sverdlovdagi «SVX «Oboronsnabsbyt», Moskva oblastidagi «SVX Avtologistika», «SVX Lion», «SVX Fud logistika» chegara postlarida «Yashil yo‘lak» tizimi joriy etildi.

Joriy yilda Rossiyaning Nijniy Novgorod oblastidagi «Tehnoprom», Astraxandagi «TsGP», Sankt-Peterburgdagi «Tamariks», Moskva oblastidagi «Severnaya zvezda A&P» nazorat punktlarida O‘zbekistondan meva-sabzavotlarni Rossiyaga eksport qilishda fitosanitariya tekshiruvini soddalashtirish va tekshiruv vaqtini 1-2 soatga qisqartirishga qaratilgan 4ta «Yashil yo‘lak» tizimi tashkil etildi.

«Yashil yo‘lak» tizimidagi o‘tish punktlari soni 7tadan 11taga yetdi. Tadbirkorlar Rossiyaga mazkur 11ta punktdan meva va sabzavot olib o‘tishi mumkin», deyiladi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi matbuot xizmati xabarida.

Ayni vaqtda Rosselxoznadzor bilan Rossiyaning Oltoy o‘lkasidagi Kulunda nazorat punktida «Yashil yo‘lak» tartibini joriy etish bo‘yicha muzokaralar davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mart oyidan O‘zbekistondan Rossiyaga qo‘l yukida meva-sabzavotlar, quritilgan mevalar va yong‘oqlar olib kirishga ruxsat berilgandi.

Mavzuga oid