Jamiyat | 21:03 / 13.03.2019
32244
5 daqiqa o‘qiladi

Al-Fraganus​ o‘zbek milliy elektromobili hayotga tatbiq etiladimi?

Farg‘onalik Saidbek G‘ulomov Al-Fraganus nomli elektromobil ustida ish olib borayotganligi to‘g‘risida xabar berilgandi. Xo‘sh, O‘zbekistonda ilk marotaba ishlab chiqilayotgan bu kabi loyiha haqiqatan amalga oshadimi? Jarayon haqida loyiha muallifning o‘zi ma'lumot berdi.

Uning aytishicha, elektromobil Saidbek dream cars korxonasi tomonidan Saidbek nomi ostida chiqarilishi kutilmoqda. 

«Al-Fraganus esa birinchi modelimizga berilgan nom. Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda ham Yevropa standartlariga javob beradigan modelni ishlab chiqish», —​ deydi u.

G‘ulomovning aytishicha, modelni realizatsiya qilish uchun ketadigan xarajatlar aniq hisoblanmagan. Bu ishlab chiqarish quvvati va mahalliylashtiriladigan ehtiyot qismlar soniga bog‘liq. Taxminiy tannarxi xorijnikidan ikki baravar kam bo‘lishi kutilmoqda, deb hisoblamoqda loyiha muallifi.

«Uning boshqa avtomobillardan bir qator ustunlik jihatlari bor. Jumladan,loyiha O‘zbekistonda tayyorlanmoqda, narxi arzon, ekologiyaga zarari yo‘q. 

Har bir ixtiroda bo‘lgani kabi biz ham ko‘plab to‘siqlarga duch keldik. Atrofdagilarning ishonchsizligi bunga misol bo‘ladi. Bu sohada o‘zbek maktabining yo‘qligi uchun biz chet el tajribasidan foydalanishimizga to‘g‘ri keldi. 

Ayni paytda modellashtirish jarayonidamiz. Keyin konstruksiya ishini boshlaymiz. Elektromobilni chiqarilish sanasi hali noma'lum. Kerakli ehtiyot qismlar Xitoydan keltirilsa, 1 oy muddatda yig‘ish ishlari yakunlanadi», — deya ma'lumot berdi muallif.

Patent olish masalasi bo‘yicha S.G‘ulomovdan so‘ralganida, jarayon hali davom etayotganligini bildirdi. 

Adliya vazirligi huzurdagi Intellektual mulk agentligi ma'lumotiga ko‘ra, patentga ega bo‘lish 2 bosqichni o‘z ichiga oladi va umumiy 6 oy muddat sarflanadi. Birinchi muddatda rasmiy ekspertiza o‘tkaziladi, unda loyiha uchun talab etiladigan hujjatlar, davlat boji to‘langanligi tekshiriladi. 

S.G‘ulomovning murojaati bu bosqichdan o‘tgan. Hozir ikkinchi, ya'ni asosiy ekspertizadan o‘tkazish bosqichi davom etmoqda. Bunda loyihaning mohiyati o‘rganiladi, yagona namunada ekanligi ko‘rib chiqiladi. Natijalar ijobiy chiqsa patent beriladi.

Elektromobil g‘oyasi qanchalik haqiqatga yaqin?

Elektr toki bilan harakatlanuvchi vositalar sohasida ma'lum tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarning bu boradagi fikrini bilish muhim hisoblanadi. Shu sababli Turin universiteti qoshidagi innovatsion markaz rahbari Bobur Zokirov quyidagilarni bayon etdi:

«Har bir sohada bo‘lgani kabi avtomobilsozlikda ma'lum qonun-qoidalar mavjud. Elektromobil yo‘nalishi ma'lum bilim va ko‘nikma talab qilinadigan jabha hisoblanadi. 

Jahonning ijobiy va salbiy tajribasini sinchiklab o‘rganish orqali muvaffaqiyatga erishish mumkin. Ekspert sifatida aytishim mumkinki, birinchi modelini yaratishga o‘rtacha 250 ming AQSh dollari ketadi. Unga har biri 500 AQSh dollariga teng bo‘lgan 14 ta akkumulyator o‘rnatiladi. Motori esa 5000 AQSh dollari bo‘ladi. Qolgan mablag‘ ichki konstruksiya ishlari uchun ishlatiladi. Elektromobilga ajratilgan yuqori summa o‘zini oqlaydi. 

Misol uchun aytaman: yoqilg‘ida harakatlanuvchi avtomobil 100 kilometr yurishi uchun 27 ming so‘m xarajat ketsa, elektromobil uchun esa atigi 3 ming so‘m ketadi. Shuningdek, atrof-muhitga zaharli gazlarni chiqarmaydi», ​—​ deydi u.

Zokirovning ta'kidlashicha, Saidbek G‘ulomov g‘oyasi  to‘ldirilishi kerak, chunki unda kamchiliklar bor. Loyihaning muhandislik rejasi to‘liq ishlab chiqilishi lozim. Xalqaro standartlarga javob berish darajasi bo‘yicha puxta ish olib borish kerak. Ish uzoq muddatli aniq hisob-kitoblarni talab qilganligi sababli har bir detalga alohida e'tibor berilishi muhimdir.

Muhabbat Ma'mirova

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid