08:28 / 13.03.2019
5478

Mo‘ynoq tumanini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi

Foto: Advantour

Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Mo‘ynoq tumanini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish va mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida Mo‘ynoq tumanini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Mo‘ynoq tumanini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish va mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida tashkil etiladi.

Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va hukumati qarorlari bilan qabul qilingan dastur hamda belgilangan topshiriqlari asosida Mo‘ynoq tumanini rivojlantirish bo‘yicha nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida tashkil etiladi.

Jamg‘arma uchun shaxsiy g‘azna hisobraqamlari belgilangan tartibda ochiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi jamg‘arma mablag‘larini tasarruf etuvchi hisoblanadi.

Quyidagilar jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining maqsadli mablag‘lari, shu jumladan markazlashtirilgan investitsiyalar;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti mablag‘lari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining hamda Mo‘ynoq tumani budjetining zaxira jamg‘armalari mablag‘lari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining qo‘shimcha manbalari;

xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari);

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Markazlashtirilgan manbalar hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetida ushbu maqsadlar uchun rejalashtirilgan mablag‘lar doirasida, amaldagi tartib asosida moliyalashtiriladi hamda ularning hisobi Jamg‘arma orqali sarflanadigan mablag‘lar bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan olib boriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining hamda Mo‘ynoq tumani budjetining zaxira jamg‘armalari mablag‘lari va qo‘shimcha manbalari hisobidan ajratiladigan mablag‘lar, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari), jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mablag‘lar belgilangan tartibda jamg‘armaning shaxsiy g‘azna hisobraqamiga tushadi.

Xalqaro moliya institutlarining va boshqa xorijiy donorlarning tartibotlari yoki xorijiy kreditlar va grantlarni berishning shartlarida boshqacha tartib belgilangan holatlar bundan mustasno.

Jamg‘arma mablag‘lari:

dasturlar asosida Mo‘ynoq tumanini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan tadbirlarni moliyalashtirishga;

Mo‘ynoq tumani infratuzilmasini yaxshilashga, qishloqlarni obodonlashtirishga va ko‘kalamzorlashtirish hamda mahalliy ichki yo‘llarni ta'mirlashga;

Mo‘ynoq tumani uy-joy fondining ko‘p kvartirali uylaridagi umumiy foydalaniladigan va uylar ichidagi muhandislik kommunikatsiyalarini ta'mirlashga, shuningdek, bolalar maydonchalari barpo etgan holda uylarga yondosh hududlarni obodonlashtirishga;

mahallalar hududida kutubxonalar tashkil etishga va ularni badiiy adabiyotlar bilan ta'minlashga;

kam ta'minlangan va yosh oilalarga imtiyozli kreditlar olinishida boshlang‘ich badalni qisman yoki to‘liq qoplashga hamda maishiy texnika vositalariga bo‘lgan birlamchi ehtiyojni qondirishga;

qishloq va chekka hududlarda joylashgan ta'lim va tibbiyot muassasalarida ishlash uchun yuborilgan xodimlarni xizmat joylari bilan ta'minlashga;

Mo‘ynoq tumani aholisining turmush sharoitlari va sifatini yaxshilash bo‘yicha boshqa tadbirlarga sarflanadi.

Top