Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yuborilgan deputatlik so‘rovini javobsiz qoldirmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ulug‘bek Samatov Shayxontohur tumanida joylashgan mahallalar ahli bilan muloqotda bo‘lib, aniqlangan masalalar yuzasidan 26 fevral kuni Toshkent shahar hokimiga deputatlik so‘rovini yuborgandi. Bu haqda O‘zbekiston «Adolat» SDP Matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Suzuk ota» mahallasining So‘zona berk ko‘chasida yashovchi aholining gaz, elektr energiyasi ta'minotida muammolar yuzaga kelayotgani, «Kattabog‘» mahallasida 400 nafardan ortiq bolaga maktabgacha ta'lim muassasasi zarurligi, O‘zgarish, Atirgul ko‘chalarining ichki yo‘llarini ta'mirlash kerakligi hamda Kattabog‘ ko‘chasida aholi foydalanishi uchun kanalizatsiya yo‘qligi kabi qator muammolarni bartaraf etish masalasi ko‘tarilgan deputatlik so‘rovida bildirilgandi», — deyiladi axborotda.
Shuningdek, so‘rovda «Yangi Kamolon», «Kamolon» MFYlar o‘z binosiga ega emasligi sababli «Kamolon Darvoza» mahallasi hududi 8a-uy ro‘parasida mahalla idorasini qurish, 43-sonli Oilaviy poliklinika va 491-sonli MTM oldida piyodalar o‘tish yo‘lagini ta'mirlash va jami 11 ta ko‘chaning 3500 m.kv. qismiga asfalt qoplamasi yotqizishda hamda 567-sonli MTM binolarini ta'mirdan chiqarishda amaliy yordam berish kabi murojaatlar ko‘tarilgani bayon etiladi.
So‘rovning maqsadiga ko‘ra, Shayxontohur tumanida yashovchi fuqarolarga qulayliklar yaratish hamda mahalla fuqarolari yig‘inlari xodimlariga shart-sharoitlarni ta'minlash borasida Toshkent shahar hokimligi tomonidan rejalashtirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berilishi so‘ralgan.
«Garchi qonunchilikda belgilangan muddat 10 kun o‘tgan bo‘lsada, hamon mutasaddi hokimlik tomonidan deputatlik so‘roviga javob berilmadi. Umid qilamizki, yaqin kunlarda U.Samatovning deputatlik so‘rovida ko‘tarilgan masalalarga shahar hokimligi tomonidan kerakli chora-tadbirlar amalga oshiriladi hamda tuman aholisi uchun zarur qulayliklar yaratiladi», — deyiladi partiya xabarida.
Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a'zosining maqomi to‘g‘risida»gi qonunning 10-moddasida — Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari deputat, senator so‘roviga, agar boshqa muddat belgilangan bo‘lmasa, so‘rov olingan kundan e'tiboran o‘n kundan kechiktirmay yozma javob yuborilish ko‘rsatilgan.
Mavzuga oid
12:00 / 25.10.2024
Saylov yaqin, partiyalar nimalarni va’da qiladi? – Kun debati
18:07 / 16.10.2024
Oliy Majlis saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlandi
17:44 / 20.09.2024
«Haddini bilmaganlarni mehmon deyolmaymiz» – O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul chet elliklar ro‘yxati yuritiladi
12:34 / 26.07.2024