Jamiyat | 20:11 / 15.03.2019
4003
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda faoliyatini qonuniylashtirgan norasmiy ishchilar, tadbirkorlar va ish beruvchilarga qimmatbaho yutuqlar topshiriladi

Buxoro viloyat hokimligi hamda viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan maxsus aksiya o‘tkazilmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘'basi xabar qilmoqda.

Mazkur aksiyaning e'tiborli tomoni shundaki, unda ishtirok etuvchilar, ya'ni faoliyatini 2019 yilning 1 martidan boshlab qonuniylashtirgan norasmiy ishchilar, tadbirkorlar va ish beruvchilarga qimmatbaho yutuqlar topshiriladi.

Xabar qilinishicha, ishtirokchilar uchun dazmol, mobil telefon, changyutgich, elektr choynak, mikroto‘lqinli pech, televizor, muzlatgich va velosipedlar sovg‘a sifatida hozirlab qo‘yilgan.

Mazkur aksiyada 2019 yilning 1 martidan boshlab norasmiy mehnat faoliyatini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yangidan mehnat shartnomasi tuzish orqali qonuniylashtirganiga kamida 2 oy to‘lgan norasmiy ishchilar, yangidan davlat ro‘yxatidan o‘tganiga yoki faoliyatini tiklaganiga kamida 2 oy to‘lgan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va faoliyatini qonuniy rasmiylashtirganiga kamida 2 oy to‘lgan norasmiy ishlayotgan fuqarolarning ish beruvchisi ishtirok etishi mumkin. 

Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda faoliyatini qonuniylashtirgan shaxs mehnat daftarchasi va pasportidan hamda yangidan davlat ro‘yxatidan o‘tgan yoki faoliyatini tiklagan tadbirkorlar esa tadbirkorlik guvohnomasining nusxasini shuningdek, ish beruvchilar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishga qabul qilingan ishchilarining ismi sharifi, STIR raqami, ishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi buyruq nusxasi viloyatning hududiy davlat soliq inspeksiyalari va aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga taqdim etilishi shart.

Aksiyaning 1-turi joriy yil 5 iyun kuni, 2-turi 4 sentabr kuni, 3-turi esa 6 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid