Jahon | 07:57 / 17.03.2019
16004
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi Zelandiyadagi hujum bo‘yicha qo‘lga olingan 2 kishining otishmaga aloqadorligi isboti topilmadi 

Foto: Jorge Silva

Yangi Zelandiya politsiyasi Kraystcherch shahridagi masjidlarga hujumdan keyin qo‘lga olingan 2 kishining otishmalarga aloqadorligini tasdiqlovchi isbotlar topa olmadi. Bu haqda politsiyaning tvitterdagi xabarida ma'lum qilingan.

Politsiya xodimlari ma'lumotlariga ko‘ra, tergovning joriy bosqichida ushbu gumonlanuvchilarning otishmalarga aloqadorligi alomatlari yo‘q.

15 mart kuni 2 ta masjidda sodir etilgan teraktdan keyin hammasi bo‘lib 3 kishi – 2 erkak va bir ayol qo‘lga olingan. Ulardan biri – 28 yoshli avstraliyalik Brenton Tarrant Facebook orqali hujumning jonli namoyishini olib borgan. Unga qotillik ayblovi qo‘yilgan, u 16 mart kuni sud oldida javob bera boshladi. Tarrant 5 aprelgacha hibsga olingan.

Ikkinchi erkak va ayol mashinalarida o‘qotar qurol topilgandan keyin qo‘lga olingan. Ayol qo‘yib yuborilgan, erkakka esa o‘qotar qurol bilan bog‘liq qonunbuzarlik bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

Politsiyada ma'lum qilinishicha, hujumdan keyin yana bir kishi – 18 yoshli o‘smir ushlangan bo‘lib, u irqiy adovatni qo‘zg‘ashda ayblangan. Shu bilan birga uning hujumga aloqadorligi borasida ma'lumot yo‘q. Biroq u 18 mart kuni sud oldida javob bera boshlaydi.

15 mart kuni Kraystcherch markazidagi ikkita masjidga qurollangan odamlar bostirib kirib, u yerga kelganlarni o‘qqa tuta boshlagan. Guvohlarning aytishicha, o‘q ovozlari 10-15 daqiqa eshitilib turgan. Masjidlardan birida hujum vaqtida 300 ga yaqin odam bo‘lgan. Hujumlar oqibatida 50 kishi halok bo‘lgan, 40 dan ko‘prog‘i yaralangan. Mamlakat hukumati hujumni terakt deb atagan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid