23:22 / 18.03.2019
27001

Turkiya Istanbulning Konstantinopolga aylanishiga yo‘l qo‘ymaydi – Erdo‘g‘an 

Turk xalqi Istanbulning Konstantinopolga aylanishiga yo‘l qo‘ymaydi, deb aytdi Yangi Zelandiyadagi teraktga izoh berib Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an. 

Istanbul 1930 yil martigacha Konstantinopol deb atalgan. 

“Yangi Zelandiyadagi terakt muayyan guruhlarning Turkiyaga yo‘llagan signalidir. Musulmonlar dushmanlari bizni hamon yomon ko‘rishlarini ko‘rsatishdi. Biz ularga qarshilik ko‘rsatishga tayyormiz va bu haqda Chanakkaleda baralla aytmoqdamiz. Turk xalqi bu yerlarda doim yashagan va u Istanbulning Konstantinopolga aylanishiga yo‘l qo‘ymaydi”, deb aytgan Erdo‘g‘an turk qo‘shinlarining Dardanella operatsiyasidagi g‘alabasining 104 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda.

Erdo‘g‘an “o‘sha jangdagi g‘alaba tarixga turk xalqi qoni bilan yozilgani, u Mustafo Kamol Otaturk boshchiligida qo‘lga kiritilganini” aytgan.

Turkiya yetakchisi Isroil bosh vaziri o‘g‘lining Turkiyaga qarshi bayonotlari ko‘p tomonlama yangi zelandiyalik terrorchining so‘zlariga mos kelishini aytgan. Uning fikricha, bu malomatlar bir manbadan qo‘llab-quvvatlanadi. 

Erdo‘g‘an Turkiya kulfatga tushgan barchani qo‘llab-quvvatlashga, butun dunyodagi musulmonlar va turklarning manfaatlarini himoya qilishga tayyorligini ta'kidlab o‘tgan.  

1915 yil aprelida Birinchi jahon urushining muhim epizodi bo‘lgan – Dardanella operatsiyasining faol bosqichi boshlangan. U turk qo‘shinlarining qarshiligi sababli Britaniya, Fransiya va uning ittifoqdoshlariga ko‘zlangan natijani keltirmagan, ya'ni bu davlatlar Dardanella bo‘g‘ozini bosib ololmagan. Turk qo‘shinlarining Chanakkaledagi (Gallipoli) jangdagi muvaffaqiyati Turkiya hududidan xorijiy qo‘shinlarning olib chiqilishi bilan yakunlangan butun operatsiya uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top