Jahon | 15:36
2520
2 daqiqa o‘qiladi

Istanbulda Isroil konsulxonasi oldida otishma ro‘y berdi

Hujum qilganlardan ikki nafari o‘ldirilgan, yana biri yarador holda qo‘lga olingan.

Foto: Videodan kadr

Isroilning Istanbul shahrida joylashgan konsulxonasi binosi oldida otishma ro‘y berdi.

Hürriyet gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, uch nafar shaxs Beshiktosh tumanida konsulxona joylashgan binoga kirishga uringan. Ularning ikki nafarida uzun stvolli qurollar bo‘lgan.

Binoga kirish joyida turgan qo‘riqchilar hamda politsiyachilar tahdidni payqagach, otishma kelib chiqqan. 

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, otishma 10 daqiqadan ortiq vaqt davom etgan. Hujum uyushtirgan shaxslar bino oldidagi avtoturargohda mashinalar oralab harakatlanib, avtomat hamda to‘pponchalardan o‘t ochgan.

Istanbul politsiyasi bayonotida aytilishicha, uch kishi «zararsizlantirilgan», shundan ikki nafari otib o‘ldirilgan. Hujum qilganlardan uchinchisi avtomobil ortiga yashirinib, politsiyachilarga qarata o‘q uzishda davom etgan, ammo javoban otilgan o‘qdan yiqilib, qo‘lga olingan.

Otishma chog‘ida politsiyachilardan ham ikki nafari yaralangan.

Mamlakat adliya vaziri Oqin Gurlek Istanbu prokuraturasi hodisa yuzasidan tekshiruv boshlaganini ma’lum qildi.

Reuters manbalariga ko‘ra, hozirda Turkiyada isroillik diplomatlar yo‘q – Istanbuldagi konsulxonada ham, Anqaradagi elchixonada ham.

Shunga qaramay, ushbu binolarni qo‘riqlash kuchaytirilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid