5 mart kuni Alisher Navoiy nomidagi kinosaroyda rejissyor Nozim Abbosovning «Said bilan Saida» filmi tomoshabinlarga taqdim etilgandi.

Yozuvchilar xiyobonida Said Ahmad va Saida Zunnunovaga atab o‘rnatilgan haykal

Filmda O‘zbekiston qahramoni, adib Said Ahmad va shoira Saida Zunnunova hayoti va muhabbatining Stalin qatag‘oni davridagi sinovlardan o‘tishi haqida hikoya qilinadi.

Premeradan ko‘p o‘tmay, falsafa fanlari nomzodi, jurnalist A'lo Xo‘jayev «Novosti Uzbekistana» saytida film to‘g‘risida fikrlari bilan bo‘lishadi. Muallif film rejissyorining postanovka mahoratini yuksak baholaydi, aktyorlar tanlovi muvaffaqiyatli chiqqanini yashirmaydi, biroq uning film ssenariysi to‘g‘risida fikrlari ikkinchi tomon e'tirozlariga sabab bo‘ldi.

Ushbu maqola turli muhokama va munozaralarga sabab bo‘ldi. Said Ahmad va Saida Zunnunovaning farzandi, film ssenariysi mualliflaridan biri Nodira Husanxo‘jayeva, film rejissyori Nozim Abbosov va jurnalist Shahnoza Qurbonboyeva tanqidiy maqolaga nisbatan o‘z munosabatini bildirdi.

Nodira Husanxo‘jayeva o‘z raddiyasida shunday deydi:

Men jurnalist A'lo Xo‘jayevning «Novosti Uzbekistan»da e'lon qilingan «Said bilan Saida» filmiga yozgan taqrizini o‘qib chiqdim. Jurnalist kartinaning yutuqlari yoki kamchiliklarini tahlil qilishdan ko‘ra, filmning real hayotdagi prototiplari bo‘lgan taniqli yozuvchi Said Ahmad va shoira Saida Zunnunovaning hayoti, ijodi va shaxsiyati xaqidagi adabiy va tarixiy manbalarni shubha ostiga olishni afzal ko‘rgan.

Shu bilan birga, bu ikki ijodkorning shaxsiyati va pok xotirasiga nisbatan hurmatsizlik qilgan. Jurnalist filmdagi voqealar ikki ijodkorning biografiyasida bo‘lmagan, hammasi to‘qima, shuning uchun film qahramonlarining ismini o‘zgartirish lozim edi, deydi. Butun umr jurnalistika sohasida ishlagan A'lo Xo‘jayev yozuvchi Said Ahmadning va Saida Zunnunovaning qatag‘on yillaridagi o‘zaro yozishmalari, Saida Zunnunovaning kundaliklarini o‘qimaganmi?