Gaz taqsimlash uskunalarining vazifasi – aholi va sanoat obektlariga xavfsiz va uzluksiz gaz yetkazib berish, bosimni boshqarishdan iborat. Ammo eskirgan gaz taqsimlash uskunalarida bosimni nazorat qilishdagi kamchiliklar, xavfsizlik darajasining yuqoriligi, qimmat texnik xizmat xarajatlari, past energiya tejamkorlik va masofadan boshqarish imkoniyatining yo‘qligi ko‘pincha jiddiy muammolarga sabab bo‘lib, gaz ta’minotida uzilishlar va xavfli vaziyatlarga olib kelishi mumkin.

Shu kungacha gaz taqsimlash punktlarida (GTP) gaz bosimini boshqarish asosan qo‘lda amalga oshirilgan. Misol uchun, agar havo harorati birdan pasaysa, aholi o‘z xonadonlarida gaz iste’molini keskin oshiradi. Bu esa mahallaga kirib kelayotgan gaz bosimini pasaytiradi. Yoki harorat ko‘tarilganda bosim oshib ketadi. Shunday holatlarda mas’ul xodimlar GTPga borib, bosimni barqarorlashtirish ishlari bilan shug‘ullanishadi. Bu jarayonlar ham vaqtni oladi, ham gaz ta’minotida uzilishlar va hatto avariya holatlariga olib kelishi ham mumkin.

Shu sababli GTPlarda avtomatlashtirilgan boshqaruv va monitoring tizimlarini joriy etish allaqachon dolzarb masalaga aylangan.

Avtomatlashtirilgan tizim qanday afzalliklarga ega?

• To‘liq nazorat: Gaz taqsimlash jarayonidagi barcha parametrlar – bosim, harorat, gaz oqimi – sun’iy intellekt tomonidan nazorat qilinadi. Tizim gaz iste’molidagi o‘zgarishlarni real vaqtda kuzatib, favqulodda holatlarning oldini oladi.

• Avtomatik xavfsizlik: Agar tizimda nosozlik yoki xavf yuzaga kelsa, avtomatik himoya klapanlari ishga tushadi va tizim xavfsizlik rejimiga o‘tadi.

• Uzluksiz monitoring: Gaz bosimi, harorati va boshqa parametrlar doimiy kuzatilib, barcha ma’lumotlar markaziy bazaga uzatiladi. Agar me’yordan chetga chiqish, o‘g‘rilik yoki notekis bosim holatlari aniqlansa, tizim avtomatik choralar ko‘radi yoki dispetcherlarga xabar beradi.

• Onlayn boshqaruv: Operatorlar masofadan turib tizimni nazorat qila oladi, bu esa tezkor javob berish imkoniyatini oshiradi.

2022 yil 22 oktyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari tabiiy gaz ta’minoti tizimini qazib chiqarishdan tortib iste’molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Bu esa mamlakatimizda gaz ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish ustuvor vazifalardan biriga aylanganini anglatadi. Mazkur topshiriq ijrosi doirasida “Hududgazta’minot” AJ tomonidan gaz taqsimlash punktlariga avtomatik boshqaruv tizimlarini joriy etish ishlari olib borilmoqda.