Jahon | 18:30 / 24.03.2019
10224
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina saylovlar arafasida chegaradagi xavfsizlik choralarini kuchaytirdi

Foto: RIA Novosti

Ukraina Davlat chegara xizmati Rossiya bilan chegarada xavfsizlikni ta'minlash borasidagi chora-tadbirlarni kuchaytirdi. Bu haqda muassasa raisi yordamchisi Oleg Slobodyanga asoslangan holda UNN agentligi xabar tarqatdi.

Manba so‘zlariga ko‘ra, bunday choralar prezidentlik saylovi yaqinlashayotgani va saylovoldi kampaniyasi avj pallasiga kirgani munosabati bilan xavf darajasi oshgani tufayli qabul qilingan.

«Rossiya bilan chegarada vaziyat keskinligicha qolmoqda, ammo nazorat ostida», degan u.

Ayni vaqtda nazorat punktlarida va ularning tashqarisida ham chegara patrullari mavjud bo‘lib, unga boshqa huquqni muhofaza qilish organlari ham jalb etilgan.

Fevral oyida Ukraina Xavfsizlik xizmati mamlakatdagi jinoyatchi to‘dalar faoliyati haqida ma'lumot paydo bo‘lgandan keyin ommaviy qidiruv ishlarini olib bordi. Ma'lumotlarga ko‘ra, to‘da a'zolari Rossiya maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilib, saylovchilar piramidalarini tuzishi va saylovchilarni sotib olish bilan shug‘ullanishi kerak edi.

14 mart kuni Ukraina «Yatsenyuk devori» loyihasiga qaytganini ma'lum qildi. Chegara hududida turli to‘siqlar o‘rnatilmoqda. Qurilishi ishlari 2021 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan.

21 mart kuni Ukraina chegarachilari 25 nafar rossiyalik mamlakatga kirishiga ruxsat bermagan, yil boshidan buyon kiritilmaganlar soni esa 2 mingdan oshgan.

Ukrainada prezidentlik saylovlari 2019 yil 31 mart kuniga belgilangan. Saylov byulletenlarida 39 nafar nomzod ko‘rsatilgan. Saylovoldi kampaniyasi davrida aktyor va komik Vladimir Zelenskiy, sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko, amaldagi prezident Petro Poroshenko hamda «Muxolif platforma – Hayot uchun» partiyasi asoschisi Yuriy Boyko yetakchilik qilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid