Jahon | 18:11 / 28.03.2019
13609
5 daqiqa o‘qiladi

AQShning Vashington, Kaliforniya, Pensilvaniya va Illinoys shtatlarida Navro‘z bayrami keng nishonlandi

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan AQShdagi vatandoshlar ishtirokida qator tadbirlar o‘tkazildi hamda ularda O‘zbekistonning turizm salohiyati targ‘ib qilindi. Bahor bayramiga bag‘ishlangan tadbirlar AQShning Kaliforniya, Vashington, Pensilvaniya va Illinoys shtatlarida keng nishonlandi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatidan xabar berilishicha, tadbirlarda 5 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashgan, AQShda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, mahalliy aholi, turoperatorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari shular jumlasidandir.

Ta'kidlash joizki, Pensilvaniya shtati Bensalem shahrida ilk bor Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan xalq sayli tashkil etildi. Tadbirda AQSh Kongressi a'zosi Brayan Fitspatrik, Pensilvaniya shtati senatori Jon Sabatina, Bensalem shahri meri Jozef DiGirolamo va boshqalar barcha o‘zbekistonliklarni Navro‘zi olam bilan tabriklab, mamlakatning boy madaniyati, tarixi, urf-odatlari, an'analari va turizm salohiyatini yuqori baholashdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Illinoys shtati, Chikago shahrida Navro‘z taomlari hisoblangan sumalak, ko‘k somsa, palov kabilar tayyorlanib, tadbir ishtirokchilarga ulashildi. Shuningdek, tadbir doirasida o‘zbek xalq hunarmandchilik namunalari namoyish etildi hamda O‘zbekistonning turizm salohiyatini aks ettiruvchi targ‘ibot materiallari tarqatildi.

Kaliforniya shtati, San-Fransisko shahrida Navro‘z bayrami davomida, O‘zbekiston milliy madaniyat markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida «Belbog‘li milliy kurash» sport musobaqasi turli vazn toifalarida tashkil etildi va mahalliy aholi o‘zbek madaniyati, an'analari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Shuningdek, O‘zbekistonning gastronomik turizm imkoniyatlarini ommalashtirish maqsadida milliy taomlar tayyorlanib, tadbir ishtirokchilariga tortiq etildi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Vashington shtatida «Sietl­-Toshkent» birodarlar assotsiatsiyasi ko‘magida milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar, «Kelin salom» namoyish etildi. Tadbir davomida Sietl shahridagi vatandoshlarimiz O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib etishdi. Jumladan, ular tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonda joriy etilgan yangi viza turlari (Vatandosh, Student visa, Academic visa, Medical visa, Piligrim visa) haqida ma'lumot berishdi.

"Bu kabi tadbirlar O‘zbekistonning boy madaniyati, tarixi, urf-odatlari va an'analari hamda turizm salohiyatini AQSh aholisiga yetkazishda yangi bosqich sifatida xizmat qiladi. O‘zbekiston ravnaqi uchun hissa qo‘shayotgan vatandoshlarimizga alohida minnatdorchilik bildiramiz", - deydi O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsuli Kamoliddin Ikromov.

"O‘zbek diasporasi tomonidan tashkil etilgan Navro‘z bayrami tadbirida ishtirok etganimdan xursandman, unda juda mazali o‘zbek taomlari tortiq etildi, tadbir jozibali milliy kuy-qo‘shiqlar, an'anaviy sport musobaqalari bilan davom etdi. Barcha ishtirokchilar bahorning boshlanishini nishonlash uchun o‘z oila a'zolari bilan qatnashdi", - deydi San-Fransisko shahri fuqarosi Patrik Vaytmen.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

O‘tkazilgan barcha tadbirlar doirasida, «O‘zbekistonga sayohat qil!» shiori ostida, yurtimizning mashhur shaharlari - Xiva, Buxoro va Samarqand aks etgan 1000 dan ortiq suratlar vatandoshlarimizning avtomashinalariga yopishtirildi.

Shuni alohida ta'kidlash joizki, O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, «Vatandosh» O‘zbek-Amerika federatsiyasi hamkorligida, 2019 yil aprel oyida AQShda O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid