Jamiyat | 09:00 / 28.03.2019
5650
5 daqiqa o‘qiladi

Popdagi yangi markaz oilaviy biznes rivojiga hissa qo‘shmoqda

Foto: Xalq Banki axborot xizmati

27 mart kuni Namangan viloyati Pop tumanida aholini tadbirkorlikka jalb etishga ko‘maklashuvchi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish markazi” ishga tushirildi.

Ushbu markaz ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, aksiyadorlik tijorat Xalq banki Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Toxirjon Rahmonov, Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Ayubxon Kamolov hamda boshqalar so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning biznes g‘oyalarini amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidlashdi.

Foto: Xalq Banki axborot xizmati

Aytish lozimki, Pop tumanida ish boshlagan mazkur markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 yil 7 mart kuni qabul qilingan “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida aksiyadorlik tijorat Xalq bankining moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.

Darhaqiqat, hududlarda oilalarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishga, ularning barqaror va qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishiga, milliy hunarmandchilik yanada rivojlanishiga, xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslari amalga oshirilishiga, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalari ro‘yobga chiqishiga hamda shu asosda aholining bandligi ta'minlanishiga zamin yaratilmoqda.

Shu bilan birga, aholining mehnat orqali daromad topishga bo‘lgan qiziqishini keskin oshirish, ayniqsa muhtoj oilalarning hunarmandchilik, kasanachilik va boshqa tadbirkorlik faoliyatini, shuningdek, hududlardagi foydalanilmayotgan binolarda ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishni, aholi tomorqalari va bo‘sh ekin maydonlaridan unumli foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bilan bog‘liq loyihalarni imtiyozli shartlar orqali moliyalashtirish tizimli ravishda davom etmoqda.

Foto: Xalq Banki axborot xizmati

Aholining daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishiga, oilaviy tadbirkorlik rivojlanishiga har tomonlama ko‘maklashish maqsadida Pop tumanida tashkil etilgan “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish markazi” ham hududda ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga zamin yaratadi.

Ta'kidlash lozimki, Pop tumanidagi tijorat banklari tomonidan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Misol uchun, Pop tumanida mavjud 77 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga biriktirilgan bank xodimlari har bir xonadonga kirib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish niyatidagi fuqarolar ro‘yxatini shakllantirmoqda. Ayni paytgacha o‘rganishlar natijasida 2 mingdan ortiq xonadon egalari 28.0 mlrd. so‘mlikdan ortiq imtiyozli pul mablag‘lari olish istagini bildirgan. Qolgan xonadonlarda esa o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Pop tumanidagi “Nilufar Barhayot” fermer xo‘jaligi Qozog‘iston davlatidan jami 15 ming bosh naslli qo‘y olib kelishni rejalashtirgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ushbu fermer xo‘jaligiga dastlabki boskichda 1200 bosh naslli qo‘y olib kelish uchun AT Xalq banki tomonidan 120 ming AQSh dollari miqdorida pul mablag‘i ajratib berildi.

Birgina mart oyi davomida Pop tumanidagi tijorat banklari tomonidan 283 ta loyihaga 4 mlrd 413 mln. so‘mlik pul mablag‘lari ajratildi. Buning natijasida Pop tumani bo‘yicha 300 ga yaqin yangi ishchi o‘rni yaratildi.

Foto: Xalq Banki axborot xizmati

Ushbu markaz ochilish marosimi doirasida tumandagi tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Ma'lumot uchun: “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida nazarda tutilgan loyihalar va tadbirlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda xalqaro moliya institutlarining pul ajratish liniyalari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Imtiyozli pul mablag‘lari oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik sub'yektlariga ma'lum shartlar asosida 3-6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ajratiladi.

Xalq Banki axborot xizmati

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid