Qonun hujjatlaridagi yuridik shaxslar ustav fondi eng kam miqdori to‘g‘risidagi talab chiqarib tashlandi
Qonun hujjatlaridagi yuridik shaxslar ustav fondining eng kam miqdori to‘g‘risidagi talablar chiqarib tashlandi (20.03.2019 yildagi O‘RQ–531-son Qonun). Bu haqda Norma yozmoqda.
Ilgari aksiyadorlik jamiyatlari, mas'uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar, xo‘jalik shirkatlari va oilaviy korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazishda ularning ustav fondi belgilangan miqdordan kam bo‘lmasligi kerak edi. Yuridik shaxslarning sanab o‘tilgan tashkiliy-huquqiy shakllari ustav fondlarining eng kam miqdorlari qonun hujjatlarida qayd etilardi.
Bir tomondan, bu biznesning, ayniqsa salmoqli miqdordagi boshlang‘ich qo‘yilmani talab qilmaydigan turlarining (masalan, konsalting) rivojlanishiga to‘g‘anoq bo‘luvchi omil edi. Boshqa tomondan – turli yuridik kuchga ega normativ hujjatlar har xil talqin qilinardi. Masalan, qonunga ko‘ra AJ ustav fondining eng kam miqdori – 400 ming AQSh dollari, qonunosti hujjatlarda esa u avval 1 600 mln so‘m miqdorida belgilangan, keyin esa uni 400 mln so‘mgacha pasaytirishga qaror qilingan.
Kiritilgan tuzatishlar ushbu muammolarni bartaraf etdi. Endi muassislar ustav fondining miqdorini erkin belgilay oladilar, uning quyi chegaralari mavjud emas. Biroq ustav fondining eng kam miqdori to‘g‘risidagi talablar quyidagilar sifatida saqlanib qolmoqda:
a) litsenziya talabi. Masalan, quyidagilar bilan shug‘ullanish huquqi uchun litsenziya olish maqsadida muayyan miqdordagi ustav fondini shakllantirish zarur:
• bank faoliyati – kamida 100 mlrd so‘m;
• mikrokredit tashkilotlari faoliyati – kamida 2 mlrd so‘m;
• lombardlar faoliyati – kamida 500 mln so‘m;
• sug‘urta faoliyati – turlariga qarab tabaqalashtirilgan;
• etil spirti va alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish – kamida 10 000 EKIH;
• lotereyalar tashkil etish faoliyati – kamida 200 mln so‘m;
• «chiqish va kirish turizmi» yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat – kamida 400 EKIH;
b) xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun talab. Ularda ustav fondining eng kam miqdori 400 mln so‘mni tashkil etadi, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyati hududida esa – 200 mln so‘m.
Qonun 21.03.2019 yildan kuchga kirdi.
Mavzuga oid
09:00 / 18.09.2024
Tovar-xomashyo birjalari uchun yangi talablar belgilandi
12:40 / 20.07.2024
Turizm sohasidagi faoliyatga qo‘yiladigan talablar soddalashtirildi
07:51 / 07.10.2023
1 noyabrdan Umra tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha yangi talablar kuchga kiradi
13:07 / 24.02.2023