Davlat bojxona qo‘mitasi «Kitob – mening do‘stimsan» aksiyasini uyushtirdi
Joriy yilning 19 martida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarga e'tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san'at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish masalalari qatorida yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda kitobxonlikka berilayotgan e'tibor shu kunlarda yangicha mazmun-mohiyat kasb etmoqda.
Ayni shu an'anadan chetda qolmagan holda davlat bojxona xizmati organlari tomonidan ham yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan turli tadbirlar tashkil qilinmoqda.
2019 yil 29 mart kuni Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan bir guruh faol yosh xodimlar, Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari yetakchilari ishtirokida poytaxtimizdagi 21-Mehribonlik uyida “Kitob – mening do‘stimsan” aksiyasi uyushtirildi.
Aksiya doirasida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga o‘zbek va rus tillaridagi turli qomusiy, ertak, badiiy va she'riy adabiyotlar tuhfa qilindi.
Tadbir avvalida yosh bojxonachilar tarbiyalanuvchilar bilan muloqotga kirishishar ekan, kitobga oshno bo‘lishning qadri, qiymati haqida so‘z yuritishdi.
Darhaqiqat, kitob insonning ichki dunyosiga nur olib kiradi. Kitobga mehr qo‘ygan, u bilan do‘st tutingan insonning ko‘ngliga xotirjamlik, ma'naviy olamiga esa go‘zallik oshufta bo‘ladi. Zero, o‘qishdan to‘xtagan odam fikrlashdan ham to‘xtaydi.
Tadbir doirasida turli yozuvchilarning hayoti va ijodi, badiiy asarlar qahramonlari haqida bo‘lib o‘tgan savol-javoblarda zukko tarbiyalanuvchilar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Kitobxonlik kechasiga aylanib ketgan tadbirda ijodkor bojxona xodimlari va she'r mashq qilayotgan o‘quvchilar o‘z she'rlaridan mutolaa qilishdi.
Hali siyohi qurimagan, buyoq hidi ufurib turgan yangi kitoblarni ajib bir ishtiyoq bilan varaqlashga tushgan bolalarning yuzu ko‘zidagi quvonch aslida ezgulikdan nishona. Muhtaram Yurtboshimiz ta'biri bilan aytganda “Ezgulik kirib borgan yuraklarga hech qachon yovuzlik yaqin yo‘lamaydi”.
Kitobxonlik targ‘ibotiga qaratilgan bu kabi tadbirlar davlat bojxona xizmati organlarida davom etmoqda.
Mavzuga oid
16:02 / 26.04.2022
Davlat bojxona qo‘mitasi raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
21:04 / 10.04.2022
Toshkentda qalbaki 6900 dollarni sotmoqchi bo‘lgan guruh qo‘lga olindi
20:37 / 18.11.2021
Akmalxo‘ja Mavlonov rasman Davlat bojxona qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi
15:59 / 18.11.2021