Jamiyat | 17:11 / 30.03.2019
6933
2 daqiqa o‘qiladi

Erkinjon Turdimovning Kattaqo‘rg‘ondagi sayyor qabulida 228 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqildi

Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov aholi bilan yaqindan muloqotda bo‘lish, ularning muammolariga yechim topish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumanida sayyor qabul o‘tkazdi.

Sayyor qabulda viloyat hokimi bilan birga uchta sektor rahbari, viloyatdagi boshqarma va idoralar boshliqlari hamda boshqa mutasaddilar, tumandagi barcha korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, sayyor qabul davomida 228 nafar fuqarolarning murojaatlari qayd etildi. Barcha masalalar birma-bir tinglanib, ularning yechimi yuzasidan mas'ullar biriktirildi. Murojaatlarning aksariyatini elektr ta'minoti, yo‘l, tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalari tashkil etdi.

Sayyor qabulda mas'ullarga topshirilgan masalalarning ijrosi qisqa muddatlarda muhokama etilishi belgilandi.

«Tug‘ma nogironligim bor. Nogironlik aravachasiga ehtiyojim borligi tufayli bir necha bor Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligiga murojaat qilgan edim. Muammo yechim topmadi. Bugun viloyat hokimining g‘amxo‘rligi tufayli nogironlik aravachasi bilan ta'minlandim. Buning uchun viloyat hokimidan, joyida aravacha bilan ta'minlanishimga ko‘mak berganlardan cheksiz minnatdorman», - deydi Kattaqo‘rg‘on shahridan qabulda ishtirok etgan Rustam Mo‘minov. 

Shuningdek, qabul chog‘ida hududda mehnat yarmarkasi o‘tkazilib, fuqarolarga tumandagi 55 ta korxonada mavjud 399 ta bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. 23 nafar fuqarolarga ishga joylashish uchun yo‘llanmalar berildi.

Tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari esa shu yerning o‘zida 112 nafar fuqaroga turli davlat xizmatlarini ko‘rsatdi. Jumladan, 15 nafar fuqaroning o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joy binosiga egalik huquqi tasdiqlandi.

Mavzuga oid