Jahon | 21:25 / 05.04.2019
4712
3 daqiqa o‘qiladi

Boeing rahbari 737 Max halokatlarida parvozni nazorat qilish tizimi muhim rol o‘ynaganini tan oldi

Boeing kompaniyasi bosh direktori Dennis Melenberg Efiopiyada Boeing 737 Max 8 samolyoti halokati bo‘yicha dastlabki hisobotga izoh berdi.

Samolyotning manyovrlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash tizimi – MCAS ishidagi xatoliklar 737 Max bilan bog‘liq oxirgi ikkita halokat – Efiopiyaning Ethiopian Airlines va Indoneziyaning Lion Air aviakompaniyalari samolyotlari qulashida muhim rol o‘ynagan.  

Melenberg bu ikkita halokatda nima yuz bergani haqidagi hisobot tergov natijalariga ko‘ra davlat idoralari tomonidan e'lon qilinishini aytgan. Biroq uning ta'kidlashicha, Efiopiyadagi aviahalokat tergovi bo‘yicha dastlabki hisobot chiqishidan keyin ikkala halokatda ham samolyotlarda hujum burchagi haqidagi xato ma'lumot sababli MCAS tizimi ishga tushgani ayon bo‘ladi.

“Soha tarixining ko‘rsatishicha, aksariyat baxsiz hodisalar voqealar zanjiri sababli yuz beradi. Bu holat ushbu hodisada ham yuz bergan. Bu xavfni bartaraf etish bizning javobgarligimizdadir. Biz buni qanday amalga oshirishni bilamiz”, deb aytgan kompaniya rahbari.

Melenbergning ma'lum qilishicha, kompaniya samolyotlarda qo‘llangan dasturiy ta'minotni yangilamoqda, uni sertifikatlash va joriy qilish yaqin haftalarda amalga oshiriladi.

“Biz hamon 737 Max xavfsiz ekaniga ishonamiz. Unda parvoz qiluvchi barcha – yo‘lovchilar, bortkuzatuvchilar va uchuvchilar, jumladan o‘z oilalarimiz va do‘stlarimiz eng yaxshisiga loyiqlar. MAX MCAS funksiyasining yangilangan dasturi bilan havoga qaytganda, dunyodagi eng xavfsiz samolyotlardan biriga aylanadi”, deb qo‘shimcha qilgan Melenberg.

Efiopiyadagi halokat 10 mart kuni Boeing 737 Max samolyoti Keniyaga uchayotganda yuz bergan. Parvoz oldidan hech qanday muammo bo‘lmagan. Biroq layner havoga ko‘tarilgandan 6 daqiqa o‘tib, radarlardan yo‘qolgan. U Efiopiya poytaxti Addis-Abeba yaqinida halokatga uchragan. Samolyotdagi barcha 157 kishi halok bo‘lgan.

Samolyotning halokat joyida topilgan ikki qora qutisidagi ma'lumotlar ushbu aviahalokat 2018 yil oktyabrda Lion Air samolyoti bilan yuz bergan halokatga o‘xshashligini ko‘rsatgan.

Efiopiyadagi halokatdan keyin butun dunyo bo‘ylab Boeing 737 Max parvozlariga cheklovlar kiritilgandi. 

Mavzuga oid