12:44 / 06.04.2019
13027

Materatssi kimni eng yaxshi himoyachi deb hisoblashi va Zidan bilan munosabatlari haqida gapirdi

Foto: John Macdougall/AFP/Getty Images

Italiya milliy jamoasining sobiq himoyachisi Marko Materatssi «Chempionat.com» nashriga bergan intervyusida «Real» sardori Serxio Ramosni zamonaviy futbolning eng yaxshi himoyachisi deb hisoblashi haqida aytib o‘tdi.

«Katta mahorat egalari talaygina. Hozir, masalan, Virjil van Deyk boshqalardan ajralib turibdi. Lekin men baribir eng yaxshi himoyachi deganda Serxioni ko‘rsataman. Bu borada shubhaga mutlaqo o‘rin yo‘q. U oxirgi uch mavsumda Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘ldi, [bundan avval] jahon va Yevropa chempionatlarida ham g‘olib chiqqan. 

Ramos himoyachi bo‘lsa-da, faoliyati davomida yuzdan ortiq gol urgan, bu gollarning ba'zilari hal qiluvchi ahamiyatga ega. U –shak-shubhasiz «Real» yetakchisi va ham texnik, ham jismoniy jihatdan o‘ta yuqori saviyadagi futbolchi. Eng yaxshi deb hisoblash uchun bundan ortiq yana nima kerak?

Serxioni ablah futbolchi deyishadi? Bu muhim emas. U – g‘olib. G‘oliblar esa muhokama qilinmaydi. Ramos «klasiko»da Messining boshiga tirsagi bilan qanday zarba berganini ko‘rmadim, lekin bunday epizodlar har bitta o‘yinda bo‘lib turadi. Axir bu – futbol, maydonda 90 daqiqa jang ketadi. Lekin o‘yin tugagach, hamma normal hayot tarzida qaytadi. Jamiyat shaxsning sifatlariga uning ana o‘sha normal hayot tarzidan kelib chiqib baho berishi kerak», – deb aytib o‘tdi Materatssi.

JCh-2006 chempioni ushbu intervyuda «Real» bosh murabbiyi Zinedin Zidan to‘g‘risidagi fikrlari bilan ham o‘rtoqlashgan.

«Afsuski, Zidan bilan ko‘rishmaganimizga ancha bo‘ldi. U bilan xabarlashib turmaymiz. Uni futbolchilik faoliyatida barcha sovrinlarni yutgan, keyin murabbiyga aylanib, yana darhol shuncha sovrin egasiga aylangan inson sifatida hurmat qilaman.

Zidanga omad va muvaffaqiyat tilash bilan birga, uning oldida shlyapamni yechishga tayyorligimni aytmoqchiman», – dedi Marko Materatssi.

Eslatib o‘tamiz, JCh-2006 finalida Italiya va Fransiya milliy jamoalari to‘qnashgan, o‘shanda Materatssi va Zidan o‘rtasida nizo chiqqandi. Qo‘shib berilgan vaqt oxirida Markoning gaplari Zinedinning jahlini chiqargan va Zizu raqibining ko‘kragiga boshi bilan zarba bergandi. Oqibatda hakam fransuzni maydondan chetlatgan, italyanlar esa penaltilar seriyasida chempionlikni ilib ketishgandi.

Mavzuga oid
Top