Chempionlar ligasi. 1/2 final. Javob o‘yini
«Chelsi» (Angliya) — «Real» (Ispaniya) — 2:0 (1:0)
Gollar: Verner, 28 (1:0). Maunt, 85 (2:0).
«Chelsi»: E.Mendi, Tiagu Silva, Aspilikueta (Jyeyms, 88), Ryudiger, Kristensen, Chilluell, Jorjinyu, Kante, Havers (Jiru, 90+4), Maunt (Ziyosh, 88), Verner (Pulishich, 67).
«Real»: Kurtua, Serxio Ramos, Nacho, F.Mendi (Valverde, 63), Eder Militao, Modrich, Kroos, Kazemiro (Rodrigo, 76), Benzema, Azar (Dias, 89), Vinisius Junior (Asensio, 63).
Ogohlantirishlar: Jorjinyu, 14. Serxio Ramos, 36. Kristensen, 39. Nacho, 62. Kroos, 72. Maunt, 87. Valverde, 90.
Hakam: Orsato (Italiya).
5 may. London. «Stemford Brij» stadioni.
Birinchi o‘yin — 1:1.

«Chelsi» safardagi o‘yinda qulay hisobga erishib qaytgan, javob o‘yinida qanday natija qayd etilishi klubning o‘ziga ko‘proq bog‘liq edi. Shu tufayli Tomas Tuxel qanday yo‘l tutishi qiziq edi: durangni saqlab qolish uchun o‘ynab, qarshi hujumlarda imkon poylashmi yoki bu mavsum kuchsizroq ko‘rinayotgan «Real» ustidan to‘liq ustunlik qilishmi? Birinchi variant tanlandi va bu kutilmagan hol emasdi.

Tuxel so‘nggi o‘yinlarda qilayotganini takrorlab, Mauntni yarimhimoya markaziga joylashtirdi. U, Jorjino va Kantedan iborat uchburchak to‘psiz holatda orqaroqda joylashar, uning asosi Jorjino bo‘lardi. U ham ba'zida raqib jarima maydoniga qadar yaqinlashdi (bir safar Modrichni ta'qib qilib, ko‘proq Kazemiro bilan o‘ynab), ammo Maunt va Kantening qanchalik ko‘p mehnat qilishi muhimroq edi. Ular to‘p «Real» yarimhimoyasi orqali harakatlanishiga qarshilik qilishi talab etilardi va ular buni uddalashdi.

Zinedin Zidan istalgan vaziyatga moslashib, jamoa o‘yinini istalgan ssenariy bo‘yicha tuza olish hadisini olgandi. «Chelsi»ga safar oldidan vazifa oddiy emasdi: Tuxel davridagi 23 o‘yinda atigi 10 gol o‘tkazgan (agar «Vest Brom»ga qarshi anomal o‘yinni hisobdan chiqarsak, 22 o‘yinda 5 gol) jamoaga albatta gol urish talab etilardi. Shu bilan birgalikda, londonliklarning ustun jihatlaridan bo‘lgan qarshi hujumlarga yo‘l qo‘ymaslik.

Fransuz murabbiyni kadrlar muammosi ko‘proq qiynardi. O‘yinga ikki kun oldingi xabarlar shunchaki qo‘rqinchli edi, ammo o‘yingacha ijobiy yangiliklar bo‘ldi. Ha Rafael Varan, Lukas Vaskes va Dani Karvaxal o‘ynay olmasdi. Lekin Serxio Ramos, Ferlan Mendi va Fede Valverde o‘yinga tushishga tayyor bo‘lishdi. Ularning dastlabki ikkisi faqat so‘nggi ikki mashg‘ulotda ishtirok etishdi, jamoa sardori esa qariyb ikki oydan buyon maydonga tushmagandi. Ularni o‘yinga tushirmasdan iloj yo‘q edi. Tushirish ham tavakkalchilik edi.