Zidan yana «Real»dan ketdi. Fransuz charchagan, uning o‘rnida kimlarni ko‘rishmoqchi?
U uchinchi marta qaytadimi?
«Real» rasman Zinedin Zidan bosh murabbiylik lavozimini tark etgani haqida e'lon qildi.
«Uning qarorini hurmat qilish vaqti keldi. Ko‘p yillar davomida o‘zining professionalligi, sadoqati va ishtiyoqini namoyish etgani uchun unga minnatdorchiligimizni bildiramiz. Zidan — «Real»ning eng buyuk afsonalaridan biri hisoblanadi. Va bu faqat u bizning klubda murabbiy va futbolchi bo‘lgani uchungina emas. U madridizm yuragida ekanligini hamda «Real» uning uyi va har doim shunday bo‘lib qolishini biladi», — deyiladi klub bayonotida.
48 yoshda bo‘lgan fransuz mutaxassisi «Real»dan ikkinchi marta ketmoqda. U birinchi marta 2018 yil mayida klub bosh murabbiyligidan iste'fo bergandi, o‘shanda Zizu Chempionlar ligasida qatorasiga uch marta g‘olib bo‘lgach klubdan ketishga qaror qilgandi. U 284 kun o‘tib yana qaymoqranglilar boshqaruviga qaytdi — 2019 yil 11 martida, Xulen Lopetegi va Santyago Solari kabi mutaxassislarning muvaffaqiyatsizligidan keyin. O‘tgan mavsumda Zidan «Real» bilan Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritdi.
Fransuzning ketishi kutilmagan hol bo‘lmadi. Zizu ketishni istayotgani may oyi o‘rtalaridayoq ma'lum bo‘lib ulgurgandi. Marca nashrining yozishicha, uning o‘zi «Real» futbolchilariga bu qarori haqida YeChL yarim finalida «Chelsi»ga qarshi javob uchrashuvidan keyin ma'lum qilgan. Uning shartnomasi muddati yakuniga qadar hali bir yil bor edi — shartnoma 2022 yil 30 iyuniga qadar tuzilgandi.
Sabablar
Marca nashri ma'lumotiga ko‘ra, bu qadamni tashlash haqida Zidan bir necha oydan buyon o‘ylab kelgan. Hal qiluvchi nuqta Ispaniya Kubogi doirasida uchinchi divizion vakili «Alkoyano»dan uchralgan mag‘lubiyat bo‘lgan. O‘shanda Zizu koronavirusga chalingan, ishga qaytganida esa o‘z ishiga va «Real» futbolchilari ishiga hurmat talab qilgandi. Klub rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlov mavjudligiga qaramasdan, joriy mavsumda fransuz klub boshqaruvida o‘zini yetarlicha qulay his qilmadi. Jurnalistlar Zizu ruhan toliqqani haqida yozishdi.
Bundan tashqari, klubda global qayta qurish boshlanishi haqida gapira boshlashdi va Zidanning ketishi — uning bir qismi edi. Bu holatda jamoani ko‘plab tajribali futbolchilar ham tark etishi ko‘rinib turibdi. «Real»dagilar klubni o‘tish davridan olib o‘ta oladigan, Zizu kabi faxriy futbolchilar bilan qalin aloqalarga ega bo‘lmagan murabbiy kerak deb hisoblashayotgandi .
O‘rniga kim?
May oyi o‘rtalarida, Zidan ketishi haqida xabarlar paydo bo‘la boshlaganidayoq, uning o‘rniga ikki nomzod tilga olindi — bu «Real»ning yana bir afsonasi, yoshlar klubida ishlab kelayotgan Raul hamda Massimiliano Allegri.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, italiyalik mutaxassis «Yuventus»ga qaytadigan ko‘rinadi. Payshanba kuni kunduzi, «Real» Zidan ketishi haqida rasman e'lon qilishiga yarim soat qolganida, Italiyadagi ikki taniqli insayder-jurnalistlar Janluka Di Marsio va Fabritsio Romano Allegri «Keksa sinora» bilan kelishuvga erishgani va Turinga qaytishi haqida xabar tarqatishdi. Buni o‘z vaqtida Allegrining ketishiga sababchi bo‘lgan «Yuventus» bosh direktori Fabio Paratichining iste'foga chiqishi ham tasdiqlardi.
AS nashri xabariga ko‘ra, Madridda Antonio Konte varianti ham bor, u «Inter» bilan chempionlikdan uch hafta o‘tib moliyaviy muammolar tufayli klubni tark etgan.
Yana bir asosiy nomzod — hamon Raul bo‘lib turibdi. U Marca nashrining shu boradagi so‘rovnomasida yetakchi bo‘lgan. Klubning yangi bosh murabbiyi kim bo‘lishi kerakligi haqidagi so‘rovnomada muxlislarining 58 foizi uni tanlashgan, Konte — 24 foiz, Allegri 20 foiz ovoz to‘plagan.
Mavzuga oid
11:12 / 19.12.2024
«Real»da yangi sovrin, «Arsenal»ga hakamlar yordam berdi, Shomurodov gol urdi
12:23 / 15.12.2024
«Liverpul» ochko yo‘qotdi, «Real» uchta gol o‘tkazdi. Kun o‘yinlari
10:10 / 11.12.2024
Mbappe gol urdi va jarohat oldi, ammo «Real» bir amalladi. YeChLda kun o‘yinlari
12:04 / 08.12.2024