Mamlakatimizda oliy ta’lim va fan sohalari, jumladan oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha keng qamrovli dasturiy tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 fevraldagi PF–4958-son «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni asosida 2017 yilning 1 iyulidan boshlab oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning ikki pog‘onali tizimi joriy qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni ta’lim va fan sohalarini sifat jihatdan rivojlantirish, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimining sifati va samaradorligini tubdan oshirish, ilmiy tadqiqot faoliyatiga iqtidorli yoshlarni keng jalb qilish va ularning intellektual salohiyatini har tomonlama namoyon etish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimi sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan, ayniqsa keyingi ikki yil ichida juda katta ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar tegishli ravishda sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarda o‘z aksini topgan.

Oliy ta’lim va fan sohalari, jumladan oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy jamoatchilik o‘z fikri va takliflari bilan turli darajalarda ishtirok etmoqda. Bu jarayonda har bir bildirilgan munosabatga hurmat bilan qaragan holda taklif va fikrlar sog‘lom, xolis va haqiqatga to‘g‘ri kelishi alohida muhim ahamiyat kasb etadi.

Erkin Karimovning «O‘zbekistonda ilmiy daraja berish tizimi: xatolarni tuzatish vaqti kelmadimi?» maqolasi Kun.uz saytida e’lon qilingan. E.Karimovga sihat-salomatlik va ilmiy faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilagan holda maqolada bildirilgan fikrlar yuzasidan, jumladan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Maqolada ta’kidlanishicha, «Fan doktori» ilmiy darajasiga ega bo‘lgan olimlarning ilmiy kengashlar, ekspertlik guruhlari a’zoligiga qo‘shilish borasidagi alohida imtiyozlari, umuman, ilm-fan sohasidagi turli jarayonlarga ta’sir etish imkoniyatlarining kengayishi, bu ilmiy daraja berishni ma’lum ma’noda «siyosiylashtirib» yubormoqda. Bu yerda endi OAKdan ko‘ra sohada faoliyat ko‘rsatayotgan shaxslarning ta’siri, umuman, inson faktori ko‘proq rol o‘ynayapti desak, to‘g‘riroq bo‘ladi».