Eurasianet.org o‘zbekistonlik olimlar chet elda obro‘yi yo‘q bo‘lgan «yirtqich» jurnallarda o‘z ishlarini nashr etayotgani haqida tahliliy maqola e'lon qildi.

Tahririyat Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimi — Baxtiyor Eshchanov, shuningdek, Kabulbek Abduraimov, Mavluda Ibragimova va Ro‘zimboy Eshchanovning «Nashr eting yoki yo‘q bo‘lib keting» - O‘zbekiston tajribasiga asoslangan ba'zi mulohazalar» sarlavhali maqolasiga e'tibor qaratgan.

Ushbu maqolada bu muammoning kelib chiqishiga ikki sabab borligi, bulardan biri mahalliy, boshqasi global tendensiyadan yuzaga kelganiga urg‘u berilgan.

Birinchi omil – mamlakatdagi byurokratiya. Ilmiy ishlar tarixan ilm-fan taraqqiyotining poydevori bo‘lib kelgan. So‘nggi 5-10 yillikda maqolalar soni ilmiy salohiyatni aniqlashning umumiy ko‘rsatkichiga aylandi. Hukumatlar va muassasalar ushbu ko‘rsatkichni lavozimga ko‘tarilish va ishga qabul qilishning muhim mezoni sifatida tobora ko‘proq qo‘llamoqda. Xususan, O‘zbekiston Oliy Attestatsiya Komissiyasi, Fanlar Akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi akademiklardan ilmiy mavqeyini va raqobatbardoshlikni saqlab qolishi va yuqori lavozimlarni egallashni xohlasa, tez-tez o‘z maqolalari xorijda nashr etilishini talab qiladi.

Attestatsiya komissiyasining «amalda imkonsiz» talablaridan yana biri shundaki, doktorantlar kamida 10ta maqola (shu jumladan, chet elda) chop ettirishlari kerak. «Nashr et yoki yo‘q bo‘l» tamoyili ilmiy muhitning asosiy tendensiyasiga aylandi. Eng yaxshi va saviyali jurnallarda nashr etish qiyin va ko‘p vaqt talab qiladigan jarayon. Bu juda katta mehnat talab qiladi.

Mualliflar ta'kidlaganidek, talab sifatga emas, songa va xorijda nashr etilishiga bog‘liq bo‘lib qolgan. Bunga 2010 yilda kiritilgan talablar asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Ilmiy muhitda qolish, ma'lum lavozimni egallashni xohlagan tadqiqotchilar sifatga emas, songa ishlashi, soxta tadqiqotlarga berilib ketishi kuchaygan. Shuningdek, mamlakatdagi birorta ilmiy muassasada tadqiqotlarni osonlashtirish siyosati yo‘lga qo‘yilmagan.

Ikkinchi omil — global miqyosida ochiq jurnallarga o‘tish. Bu nisbatan yangi hodisa edi. Natijada «yirtqich» jurnallar paydo bo‘la boshladi.

Muammoni ochib berish uchun, 2016 yildan 2019 yilgacha o‘z maqolalarini chet elda nashr qilgan o‘zbek olimlarining miqdori ko‘rsatilgan. Ushbu davr mobaynida 1110 nafar o‘zbekistonlik olimlar 610ta xalqaro jurnalda 2500ta maqola yozgan. Keyin maqolalar nashr etilgan jurnallar ko‘rib chiqish davomiyligi, topshirish jarayoni, tahrirlovchilar uchun aloqa ma'lumotlari mavjudligi, nashr etish xarajatlari (ba'zi «yirtqich» jurnallar 80 dollar atrofida), jurnallar qayerda joylashgani (ajablanarlisi shundaki, ko‘pchilik «yirtqich» noshirlar Yevropa mamlakatlarida va AQShda ro‘yxatga olinadi, chunki tadqiqotchilar bu mamlakatlarda joylashgan nashriyotlarni ishonchli deb hisoblashadi) nuqtayi nazaridan o‘rganib chiqilgan.