Jahon | 07:56 / 08.04.2019
3149
2 daqiqa o‘qiladi

Estoniyada kiberxavfsizlik bo‘yicha dunyodagi eng yirik mashg‘ulotlar boshlanmoqda

Foto: Hendrik Schmidt Globallookpress

8 aprel Estoniyada kiberxavfsizlik bo‘yicha dunyodagi eng yirik mashg‘ulotlar Locked Shields 2019 (Yopiq qalqonlar) boshlanmoqda. Bu haqda NATOning Tallindagi kiberhimoya markazi matbuot xizmati ma'lum qilgan. 

“Locked Shields mashg‘ulotlari 8 apreldan 12 aprelgacha o‘tadi. Ular axborot tizimlari va o‘ta muhim infratuzilmalarni kiberhujumlardan himoya qilish sohasidagi mutaxassislarni mashq qildirish imkoniyatlarini taklif qilish maqsadida o‘tkazilmoqda. Locked Shields kiberxavfsizlik bo‘yicha dunyodagi eng yirik mashg‘ulotlar hisoblanadi va 2010 yildan beri o‘tkazib kelinadi”, deyilgan xabarda. 

Mashg‘ulotlar ssenariysiga ko‘ra, “Beriliya” davlati xavfsizlik sohasidagi vaziyatning yomonlashishiga to‘qnash keladi. Bu holat “g‘araz harakatlar” va kiberhujumlar seriyasi bilan kechadi, ular elektr ta'minoti, suv tozalash tizimlari, jamoat xavfsizligi tarmoqlari va boshqa muhim infratuzilma komponentlarida jiddiy nosozliklarni keltirib chiqaradi.

Locked Shield 2019 NATOning Tallindagi kiberhimoya markazi tomonidan Estoniya va Finlyandiya mudofaa vazirliklari, AQSh qurolli kuchlarining Yevropadagi qo‘mondonligi va Janubiy Koreyaning davlat xavfsizligi tadqiqot instituti ko‘magida tashkillashtirilgan.  

NATO 2008 yilda Tallindagi markaz akkreditatsiyasini tasdiqlab, unga halqaro harbiy tashkilot maqomini bergan. Hozirda markaz faoliyatida 21 ta davlat, jumladan, AQSh, Estoniya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar ishtirok etadi.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid